
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida 2026-yilda aviaparkdagi samolyotlar soni 120 taga yetkazilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Endilikda chipta narxidan qat’i nazar, sotilgan har bir chipta uchun belgilangan miqdorda subsidiya beriladi. Bu chipta narxlarini arzonlashtirish va ichki reyslarga talabni oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi samolyotlar uchun uchuvchilar va texnik mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi. Unda aeroportlar uchun servis va boshqaruv yo‘nalishida ham kadrlar yetishtiriladi.
Vokzallari xususiy sheriklik asosida boshqaruvga beriladi
Ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Shaharlarni tezyurar poyezdlar bilan bog‘lash uchun 2026-yildan 500 kilometr yangi temir yo‘l qurilishi boshlanadi.
Kelgusi yilda 110 kilometr temir yo‘l tarmog‘i barpo etilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari va Nurafshon shahri Toshkent bilan bog‘lanadi. Shuningdek, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi boshlanadi.
Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Navoiy vokzallari xususiy sheriklik asosida boshqaruvga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ham fazoga kosmonavt uchirishi xabar qilingandi. Prezident murojaatnomasida endilikda o‘zbekistonlik kosmonavt ham fazoga uchishi va u yerda ajdodlar o‘rgangan yulduzlardan xabar olib kelishini aytdi.