Korrupsiyaga qarshi yangi lavozim joriy etiladi

O‘zbekistondagi barcha idoralarda korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev xalqqa yo‘llagan murojaatida aytdi.
Davlat rahbari poraxo‘rlikka qarshi kurashish uchun respublikada 2026-yilda «favqulodda holat» e’lon qilinishini ma’lum qildi.
«Korrupsiya — davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir», — deydi u.
Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu rahbarlarning vazifasi tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, budjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatishdan iborat. Shuningdek, ular prezident oldida hisobot beradi.
O‘zbekiston yetakchisi korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida hech bir tashkilot e’tibordan chetda qolmasligini urg‘uladi.
«Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi», deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng! Xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi”, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
U shuningdek, komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar korrupsiyaga sherik deb baholanishi va shunga mos holda javobgarlikka tortilishini aytdi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2026-yil Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili etib nomlangani haqida yozgandi.