Mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizlik avtokreditlar ajratiladi

O‘zbekistonda ekologik avtomobillarni ko‘paytirishga qaratilgan besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Dastur doirasida mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun yillik 12 foizlik, xorijdan olib kelingan elektromobillar uchun esa 16 foizlik avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini barpo etayotgan tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi. Shuningdek, ularga yer uchastkalarini auksion narxidan ikki baravar arzon sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobil zaryadlash jarayonida elektr energiyasining 1 kilovatt-soati narxi 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi. Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatayotgan fuqarolar uchun ham qo‘shimcha imtiyozlar joriy etiladi.
Shu bilan birga, avtomobillarga ekologik stikerlar berish tizimi joriy qilinadi.
Shaharlardagi tirbandliklar nafaqat transport harakatini qiyinlashtirayotgani, balki atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazayotgani qayd etildi. Shu sabab avtomobillarning atmosferaga chiqarayotgan zararli moddalar miqdoriga qarab ekologik stikerlar beriladi.
Atrof-muhitga katta zarar yetkazadigan transport vositalarining poytaxt, viloyat markazlari va yirik shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday avtomobillarni yangisiga almashtirish yoki ularga maxsus filtrlar o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi. Eski avtomobilini yangisiga almashtirmoqchi bo‘lganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatishga tayyor haydovchilar uchun esa xarajatlarning bir qismi subsidiya qilinadi.
Poytaxt va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar soni oshiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport oqimini boshqarish uchun intellektual svetoforlar tizimi joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan kapital bozorni rivojlantirish orqali 1 mlrd dollar jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.