Oltin narxi rekord darajadagi 4,5 ming dollardan oshdi

Jahon bozorida oltin narxi yuqori o‘sishni qayd etmoqda. Xususan, 26-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:55 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4513,59 ga yetdi.
Shu bilan birga O‘zbekistonda ham oltin quymalar narxi yana bir bor rekordni yangiladi. Markaziy bank xabariga ko‘ra, 26-dekabr kuni narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha yana o‘sdi. Bunda 5 grammli quyma 8,913 mln so‘mdan 8,953 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,826 mln so‘mdan 17,906 mln so‘mga, 20 grammli quyma 35,651 mln so‘mdan 35,812 mln so‘mga ko‘tarildi.
Shuningdek, 50 grammli quyma 89,531 mln so‘m, 100 grammli esa 179,062 mln so‘mni tashkil qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha 175 tonnaga yetkazilishi xabar qilingandi. Jumladan, Navoiydagi oltin konlarida $320 millionlik loyiha ishga tushadi, qo‘shimcha 2 million tonna ma’dan qayta ishlanadi. Muruntov koni va kumush konlari bo‘yicha $2,3 milliardlik yirik loyihalar amalga oshiriladi.