Yangiliklar

O‘zbekiston 2026-yilda $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda

Joriy yilning o‘zida O‘zbekiston xorijiy hamkorlar bilan $140 mlrdlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishgan
Курс доллара
Foto: Andrew Dawes / Unsplash

O‘zbekiston 2026-yilda $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi. Joriy yilning o‘zida O‘zbekiston xorijiy hamkorlar bilan $140 mlrdlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishgan.

Strategik investorlar uchun loyihalar bo‘yicha yer uchastkalari bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etiladi. Yer toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovlarini 10 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Yer rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanish jarayonlari «yagona darcha» tamoyili asosida ishlaydigan elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning yetakchi brendlari jalb qilinadi. Ushbu hududlardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlari asosida faoliyat yuritadi. Ular uchun maxsus investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejimlar joriy etiladi. Xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati ham yaratiladi.

Prezident ta’kidlashicha, mazkur choralar kelgusi besh yilda $180 mlrd xorijiy investitsiya jalb etilishi va 1 mlnta yuqori daromadli ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi. Har bir investitsiya kelishuvi loyihaga aylantirilishi va sarmoyalarning tezkor hamda samarali jalb etilishi uchun investitsiyalar bilan shug‘ullanuvchi mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ham alohida tizim yaratish zarurligi qayd etildi. Prezident fikricha, iqtisodiyotni raqobatbardosh qilish va sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiyadan o‘tkazish yangi yondashuvlarni talab etadi. Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushgani haqida yozgan edi.