
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida endilikda o‘zbekistonlik kosmonavt ham fazoga uchishi va u yerda ajdodlar o‘rgangan yulduzlardan xabar olib kelishini aytdi.
«Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik», – dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston yetakchisi bu Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki berishiga ishonch bildirdi.
«O‘zbek kosmonavti bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi», – deydi Shavkat Mirziyoyev.
Uning aytishicha, 2026-yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
«Biz 2030-yilga borib, IT xizmatlar eksportini $5 milliardga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz», – ta’kidlaydi davlat rahbari.
Shu bilan birga, prezidentning ma’lum qilishicha, IT va sun’iy intellekt bo‘yicha izlanish olib borayotgan yoshlarning kvant, dron, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda «Samarqand – 2028» sun’iy yo‘ldoshi loyihasi doirasida kosmik texnologiyalarni rivojlantirish ishlari olib borilayotgani haqida yozgandi.