O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 145 milliard dollardan oshdi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat va nufuzli tashkilotlar tomonidan e’tirof etilayotganini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, bundan to‘qqiz yil avval iqtisodiyot hajmini $100 mlrdga yetkazish katta maqsad bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda mamlakat tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot (YIM) hajmi $145 mlrddan oshdi.
Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi $43,1 mlrdga yetdi. Investitsiyalarning YIMdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etdi va bu kelgusi yillarda ham yuqori sur’atlarda o‘sish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlat rahbari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ham qayd etdi. Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari davlat suveren reytingini «BB-»dan «BB» pog‘onasiga ko‘tardi.
«Bu gaplar ko‘pchilikka oddiy bir fakt bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi. Birgina ana shu o‘zgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1-1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga 250-300 million dollarga kamayadi», – dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, Jahon banki e’lon qiladigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoning eng ilg‘or TOP – 10 mamlakatlari qatoridan joy oldi va 9-o‘rinni egalladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili etib belgilangandi.