
Bugun O‘zbekistonda ko‘plab insonlar o‘z biznesini boshlashni xohlaydi, ammo katta kapital yo‘qligi ularni to‘xtatib qo‘yadi. Aslida esa tadbirkorlikni boshlash uchun har doim ham o‘nlab million so‘m kerak emas. To‘g‘ri g‘oya, mehnat va sabr bilan 1–5 million so‘m bilan ham barqaror daromad keltiradigan kichik biznesni yo‘lga qo‘yish mumkin.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra respublikada faoliyat yuritayotgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni 1,12 milliontani tashkil etmoqda.
Ushbu maqolada «Kursiv» nashri O‘zbekiston sharoitida sinab ko‘rish mumkin bo‘lgan, past xarajat bilan boshlanadigan 20 ta biznes g‘oyani jamlandi.
Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
- Nega aynan 1–5 mln so‘m bilan boshlash muhim
- Xizmat ko‘rsatishga asoslangan biznes rejalar
- Uy sharoitida boshlanadigan bizneslar
- Savdo va qayta sotishga asoslangan g‘oyalar
- Onlayn va raqamli xizmatlar
- Qo‘l mehnatiga asoslangan bizneslar
- Biznes boshlashda yo‘l qo‘yiladigan xatolar
Nega aynan 1–5 mln so‘m bilan boshlash muhim
Bu summa ko‘pchilik uchun real va qulay hisoblanadi. Kredit olmasdan yig‘ish mumkin, tavakkalchilik past bo‘ladi va xatolik yuz bersa, katta moliyaviy yo‘qotish bo‘lmaydi.
Talabalar, uy bekalari, asosiy ishi bo‘lsa-da qo‘shimcha daromad izlayotganlar yoki yangi yo‘l boshlamoqchi bo‘lganlar uchun 1–5 million so‘m bilan biznes boshlash real imkoniyat hisoblanadi.
Boshlang‘ich mablag‘ odatda bir nechta asosiy yo‘nalishga sarflanadi. Mablag‘ning katta qismi asbob-uskunalar yoki xomashyoga ketadi, qolgan qismi esa reklama, qadoqlash va mayda tashkiliy xarajatlarga yo‘naltiriladi. Eng muhim jihat shundaki, barcha pulni birdaniga sarflab yubormasdan, kamida ozgina zaxira qoldirish tavsiya etiladi. Bu kutilmagan holatlarda biznesni to‘xtab qolishdan saqlaydi.
Quyida kichik mablag‘ bilan boshlasa bo‘ladigan biznes g‘oyalar:
Xizmat ko‘rsatishga asoslangan biznes rejalar

1. Telefon va gadjetlarni ta’mirlash: boshlang‘ich mablag‘ asbob-uskunalar uchun sarflanadi. Talab doimiy, ayniqsa yoshlar orasida.
2. Uy tozalash xizmati: asosan reklama va inventar talab etiladi. Xususiy uylar va ofislar asosiy mijoz bo‘ladi.
3. Santexnika yoki elektr xizmatlari: agar tajriba bo‘lsa, eng tez daromad keltiradigan yo‘nalishlardan biri.
4. Kompyuter sozlash va dastur o‘rnatish: uyda yoki mijoz manzilida bajariladi. Xarajat juda kam.
5. Avtomobil yuvish (ko‘chma): boshlanishiga minimal jihozlar yetarli, xususiy mijozlarga xizmat ko‘rsatish mumkin.
Uy sharoitida boshlanadigan bizneslar

6. Uy sharoitida pishiriq tayyorlash: tort, pechenye, somsa va milliy shirinliklarga doim talab katta.
7. Yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish: manti, chuchvara, kotletlar – ayniqsa ishlaydigan oilalar uchun qulay.
8. Tikuvchilik yoki ta’mirlash xizmati: uyda kichik ustaxona ochish mumkin.
9. Sovg‘a va buketlar tayyorlash: bayramlarda talab keskin oshadi.
10. Uyda issiqxona (ko‘katlar): petrushka, ukrop, kashnich yetishtirib sotish mumkin.
Savdo va qayta sotishga asoslangan g‘oyalar

11. Bozordan olib qayta sotish: kiyim-kechak, poyabzal yoki xo‘jalik mollari.
12. Ijtimoiy tarmoqlar orqali savdo: telegram va Instagram orqali buyurtma asosida ishlash.
13. Mahalla do‘koni uchun mini yetkazib berish: suv, non yoki mayda tovarlar.
14. Onlayn platformalarda savdo: OLX yoki boshqa platformalar orqali foydalanilgan yoki yangi mahsulotlar sotish.
Onlayn va raqamli xizmatlar

15. SMM va sahifa yuritish: kichik bizneslar uchun Instagram va Telegram sahifalarini yuritish.
16. Matn yozish va tarjima: agar til bilimi bo‘lsa, talab yetarli.
17. Grafik dizayn (oddiy): banner, vizitka va post dizaynlari.
18. Onlayn darslar yoki repetitorlik: uyda yoki Zoom orqali ishlash mumkin.
Qo‘l mehnatiga asoslangan bizneslar

19. Qo‘l mehnati buyumlari: bezaklar, suvenirlar, milliy mahsulotlar.
20. Mehnat qurollari ijarasi: Matkap (Drill), payvandlash apparati kabi asboblarni ijaraga berish.
Ko‘pchilikni qiziqtiradigan asosiy savol — bunday kichik biznes qachon foyda keltira boshlaydi. Amaliy tajriba shuni ko‘rsatadiki, xizmat ko‘rsatishga asoslangan yo‘nalishlar odatda bir yoki ikki oy ichida o‘zini oqlay boshlaydi. Uy sharoitida ishlab chiqariladigan mahsulotlar biroz ko‘proq vaqt talab qiladi, biroq mijozlar bazasi shakllangach, daromad barqarorlashadi. Onlayn xizmatlarda esa to‘g‘ri yondashuv bilan daromadni juda tez ko‘rish mumkin.
Biznes boshlashda yo‘l qo‘yiladigan xatolar
Yangi tadbirkorlar ko‘pincha bir xil xatolarga yo‘l qo‘yadi. Eng keng tarqalgan xato — qisqa vaqt ichida katta foyda kutishdir. Bundan tashqari, reklama va mijoz bilan muloqot masalasiga yetarli e’tibor berilmasligi ham biznes rivojiga to‘sqinlik qiladi. Narxni noto‘g‘ri belgilash, raqobatchilarni o‘rganmaslik va barcha ishni yolg‘iz bajarishga urinish ham muammolarni keltirib chiqaradi. Bunday xatolarni oldindan tushunish tadbirkorga vaqt va mablag‘ni tejash imkonini beradi.
O‘zbekistonda kichik biznes boshlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ham mavjud. Imtiyozli mikrokreditlar, yoshlar va ayollar uchun mo‘ljallangan grant dasturlari, shuningdek, Telegram, Instagram va e’lonlar saytlari orqali deyarli bepul reklama qilish imkoniyati mavjud. To‘g‘ri foydalanilsa, bu vositalar boshlang‘ich bosqichda katta yordam beradi.
Bundan tashqari, biznes boshlashdan oldin tadbirkor o‘z-o‘zini band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — o‘z ishini o‘zi topib, uni o‘zi bajarish orqali daromad ko‘radigan jismoniy shaxslardir. Repetitorlar, enagalar, santexniklar, elektrchilar, sartaroshlar, kurerlar, avtomobil yuvuvchilari, hunarmandlar, farroshlar, tikuvchilar, dasturchilar va yana ko‘plab kasb egalari o‘zini o‘zi band qiluvchilar bo‘lishlari mumkin.
Eng muhimi, biznesni murakkablashtirib yubormaslik va oddiy qadamlar bilan boshlashdir. Avval g‘oyani tanlash, bozorni sinab ko‘rish, kichik hajmda ish boshlash va mijoz fikriga qarab asta-sekin kengayish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Shu yondashuv kichik kapitalni katta tajribaga aylantiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir oyda o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan foydali moliyaviy odatlar haqida yozgandi.