O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushdi — prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil yakunlari bo‘yicha bergan bayonotida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uch yil avval belgilangan strategik maqsadga erishilganini ta’kidladi. Yil boshida 8,9 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi 5,8 foizga tushdi va 2026-yil yakuniga mo‘ljallangan marra joriy yilning o‘zidayoq zabt qilindi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida qayd etildi.
Davlat rahbari ijtimoiy himoya tizimidagi tub o‘zgarishlarga to‘xtalar ekan, kredit, subsidiya va kompensatsiya kabi 100 dan ortiq xizmatlar «mahalla yettiligi» orqali yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Joriy yilda 1,5 mln ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, 1 ming 435 ta mahalla ilk bor «kambag‘allikdan xoli» hududga aylandi.

«Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi «yettilik»ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi. Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, 5 million aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga pasaydi. Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doirasida kambag‘al oilalarning 168 ming nafar farzandi bog‘chalarga imtiyozli qabul qilingan. Infratuzilmani yaxshilash borasida 2025-yil «katta o‘zgarishlar yili» bo‘ldi.
Energetika sohasida elektr ishlab chiqarish hajmi 85 mlrd kilovatt-soatga yetkazildi. Suv ta’minoti bo‘yicha 188 ta mahalladagi 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suvi yetkazib berildi, 2,3 mln aholining ta’minoti yaxshilandi. Bundan tashqari, 867 ta «og‘ir» toifadagi mahalladagi 470 ming xonadon tomorqasini sug‘orish uchun birinchi marta suv bilan ta’minlandi.
Qurilish va uy-joy sohasida ham yuqori o‘sish kuzatildi. Yil davomida aholiga 8,1 mln kvadrat metr ko‘p qavatli uylar topshirildi. Aholining o‘zi yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 19 mln kvadrat metr, tadbirkorlar esa 24 mln kvadrat metr noturar joy obyektlarini barpo etdi. So‘nggi to‘qqiz yilda foydalanishga topshirilgan jami bino va inshootlar maydoni 210 mln kvadrat metrni tashkil qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» etib belgilangani haqida xabar bergan edi.