
Markaziy bank bank kartalari bozoriga oid tahlilini chop etdi. Hisobotda (kontaktsiz) NFC orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar qiymati 3,85 trln so‘mga yetgani ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 298 turdagi bank karta mahsuloti mavjud. Ularning asosiy qismini debit kartalar tashkil qiladi. Xususan, 145 ta karta xorijiy valyutada, 103 tasi milliy valyutada, 39 tasi esa ko‘p valyutali hisoblanadi.

Hududlar bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, aksariyat viloyatlarda muomaladagi bank kartalari soni 16 yoshdan katta aholiga nisbatan o‘rtacha 1,3-1,6 tani tashkil etadi. Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lib, bir nafar katta yoshdagi aholiga o‘rtacha 12,7 ta karta to‘g‘ri keladi. Bu poytaxtda bir shaxsning bir nechta bank hisobvaraqlaridan foydalanishi, ish haqi va biznesga oid karta operatsiyalarining ko‘pligi bilan izohlanmoqda.
Shu bilan birga, kontaktsiz (NFC) to‘lovlar jadal sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda. NFC orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar qiymati 3,85 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 21,4 foizga oshgan. Tranzaksiyalar soni esa 48,8 millionni tashkil etib, qariyb ikki baravar ko‘paygan.

Bank kartalari orqali amalga oshiriladigan o‘rtacha oylik tranzaksiyalar qiymati bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda — 37,66 trln so‘m. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 11,4 trln so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida qayd etilgan. Tranzaksiyalar soni bo‘yicha ham Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, oyiga o‘rtacha 87,1 mln operatsiya amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi 14 – 18 yoshdagi o‘smirlar ham o‘z nomiga bank kartasi ochishi mumkinligi haqida yozgandi.