Yangiliklar

O‘zbekistonda oltin ishlab chiqarish hajmi 2030-yilgacha 175 tonnaga yetkaziladi

Yiliga 18 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati barpo etiladi
Oltin
Foto: Getty images

O‘zbekiston sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha yirik dastur 2026-yilda start oladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugun, 26-dekabr kuni o‘tkazilayotgan murojaatnomada ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, dastur maqsadi – kelgusi besh yil ichida sanoatda qo‘shilgan qiymatni $36,5 milliarddan $60 milliardga yetkazish, shuningdek, yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali mahsulotlar hajmini 2,5 baravar oshirishdan iborat.

Kelgusi yil davomida $52 milliardlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasi ishga tushiriladi. Shulardan $14 milliardlik 228 yirik quvvat bir yil ichida faoliyat boshlaydi.

Jumladan, Navoiydagi oltin konlarida $320 millionlik loyiha ishga tushadi, qo‘shimcha 2 million tonna ma’dan qayta ishlanadi. Muruntov koni va kumush konlari bo‘yicha $2,3 milliardlik yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Natijada yiliga 18 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston 2026-yilda $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.