Qashqadaryo va Qoraqalpog‘iston hokimliklar ichida yetakchi — jamoatchilik kengashlari reytingi tuzildi

«Yuksalish» harakati 2025-yilda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati bo‘yicha reyting natijalarini e’lon qildi. Baholash qo‘mitalar, agentliklar, vazirliklar va viloyat hokimliklari kesimida amalga oshirildi.
Agentliklar orasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 19 ball bilan 1-o‘rinni egalladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi 16 ball, Migratsiya agentligi va Milliy antidoping agentligi esa 15 balldan qayd etdi. Eng past natija Madaniy meros agentligida – 10 ball.
Qo‘mitalar kesimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 19 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 18 ball bilan ikkinchi bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtacha ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Vazirliklar orasida eng yuqori faollik Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ekologiya vazirligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida kuzatildi. Ushbu vazirliklarning barchasi 20 balldan to‘plagan. Suv xo‘jaligi va Transport vazirliklari 19 ball bilan yuqori guruhdan joy oldi. Eng past ko‘rsatkichlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida qayd etildi.
Viloyat hokimliklari orasida Qashqadaryo viloyati hokimligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi 21 ball bilan yetakchi bo‘ldi. Buxoro va Jizzax viloyatlari 18 ball oldi. Eng past natijalar Sirdaryo, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari bo‘yicha esa ma’lumot taqdim etilmagani sababli reytingga kiritilmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yuksalish» harakati tomonidan O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan eng muvaffaqiyatli tadbirkorlar reytingi e’lon qilingan edi.