Lifestyle

Qish mavsumida sayohat qilish tavsiya etiladigan mamlakatlar: narxlar

Qishki charchoqlarni qaynoq va mazmunli hordiqqa aylantirish uchun eng qulay manzillar saralab olindi
Qish mavsumida sayohat qilish tavsiya etiladigan mamlakatlar / Foto: Sun’iy intellekt

Qish mavsumi sayohat uchun noqulay davrdek tuyulsa-da, aslida aynan shu fasl yangi yo‘nalishlarni kashf etish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Sovuq iqlimdan qochib iliq mamlakatlarga borish yoki qorli tog‘lar va bayramona shahar muhitidan bahramand bo‘lishni istaganlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, sayohat rejasini tuzishda viza masalasi muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu maqolada O‘zbekiston fuqarolari uchun qish mavsumida sayohat qilish tavsiya etiladigan beshta vizali hamda beshta vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda viza beriladigan mamlakatlar tanlab olindi.

Mamlakatlar ro‘yxati:

  1. Shveysariya
  2. Avstriya
  3. Norvegiya
  4. AQSh (Nyu-York)
  5. Chexiya
  6. Birlashgan Arab Amirliklari
  7. Tailand
  8. Misr
  9. Gruziya
  10. Qirg‘iziston

Shveysariya — Alp tog‘lari bag‘ridagi qish

Foto: Switzerland Tourism

Qishki mavsumda Shveysariyaga sayohat qilish – qor bilan qoplangan Alp tog‘lari, an’anaviy Yangi yil bozorlari va turli qishki faoliyatlar bilan boy tajriba taqdim etadi. Sayohatchilar chang‘i, snoubord, muzda uchish, qishki piyoda sayr qilish yoki Glacier Express‘da manzarali poyezd sayohati kabi imkoniyatlardan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Tog‘li hududlarda, xususan Zermatt, Sent-Morits va Jungfrau mintaqasida ob‑havo sovuq va qorli bo‘ladi. Luzern va Jeneva kabi past tog‘li shaharlar esa nisbatan yumshoq iqlimga ega. Shu bilan birga, yuqori darajadagi mehmonxona xizmatlari va xavfsiz infratuzilma sayohatni maksimal darajada qulay qiladi. Shveysariyaga yetti kunlik sayohat kishi boshiga taxminan $3,600 – $4,500 ga tushishi mumkin.

Avstriya — qishki sport va klassik madaniyat uyg‘unligi

Foto: Haus Waldruhe

Avstriya o‘zining boy musiqiy va madaniy merosi, arxitektura mo‘jizalari bilan boshqa mamlakatlardan ajralib turadi. Qishda an’anaviy Yangi yil yarmarkalari, Krampus paradlari va Fasching (karnaval) kabi festivallarda ishtirok etish mumkin. Tirol va St. Anton kabi maskanlar chang‘i va snoubord ixlosmandlari orasida mashhur bo‘lib, u yerda zamonaviy kurort infratuzilmasi va maxsus o‘quv markazlari mavjud.

Avtriyaga yetti kunlik sayohat kishi boshiga o‘rtacha $3,200 – $4,400 ga tushadi. Sayohat davomida Viena va Salzburg shaharlarida Yangi yil festivallari, klassik musiqa konsertlari va an’anaviy avstriya taomlarini tatib ko‘rish, shuningdek, tarixiy saroylar va muzeylarni ziyorat qilish mumkin. Burgenland va Styria hududlaridagi termal spa markazlarida dam olish ham kishiga o‘zgacha rohat bag‘ishlaydi.

Norvegiya — Shimol yog‘dusi va sokin tabiat

Foto: Fjord Travel Norwey

Norvegiya qishda sayohatchilarni betakror tabiati bilan maftun qila oladigan yana bir mamlakatdir. Shimoliy hududlarda Shimol yog‘dusini kuzatish imkoniyati mavjud bo‘lsa, poytaxt Oslo va Bergen kabi shaharlar sokin dam olish uchun ideal maskanlardir.

Norvegiyaga yetti kunlik sayohat kishi boshiga taxminan $3,000 – $4,000 tushadi. Sayohat oldidan iliq kiyimlar tayyorlash, mashhur maskanlar va turar joylarni oldindan bron qilish, qisqa kun davomiyligiga tayyor bo‘lish va ob‑havo sharoitiga moslashish tavsiya etiladi.

AQSh (Nyu-York) — Bayram shukuhi va megapolis jozibasi

Foto: New-York Habitat

Nyu‑York qish mavsumida dunyoning eng jozibali shaharlaridan biriga aylanadi. Har yili Rojdestvo va Yangi yil arafasida shahar yorqin bezaklarga burkanadi, mashhur Rockefeller Center archasi va muz maydonchalari bilan sayyohlarni o‘ziga tortadi. Shu davrda Broadway shoulari, muzeylar va savdo markazlari ayniqsa sayohatbop manzillarga aylanadi.

Sovuq ob‑havoga qaramay, gavjum shahar hayoti, amerikacha ta’til, bayramona muhit va katta shahar energiyasini his qilishni istaganlar uchun Nyu-York ideal tanlov bo‘la oladi. Nyu-York shahriga bir haftalik sayohat kishi boshiga taxminan $3,000 – $4,500 ga tushadi.

Chexiya — Ertaknamo Praga va Yangi yil yarmarkalari

Foto: Expat Explore

Qishda qor bilan qoplangan tarixiy ko‘chalari va afsonaviy manzaralari bilan turistlarda unutilmas taassurot qoldiradigan mamlakatlardan yana bir — Chexiyadir. Qishki sayohat uchun ayniqsa poytaxt Praga tavsiya etiladi. U yer tarixiy ko‘chalar, Yangi yil bozorlari va qadimiy saroylarga to‘la. Shahardagi samarali jamoat transporti sayohatchilarga sovuq ob-havoda ham qulay harakatlanish imkonini beradi.

Shuningdek, turistlar Česky Krumlov, termal kurortlari bilan mashhur Karlovy Vary, tog‘li hududdagi qishki sport maskani bo‘lmish Špindlerův Mlýn va tinch muhitga ega Olomouc shaharlarini ham o‘zlari uchun qayta kashf qilishlari mumkin. Kishi boshiga Praga bo‘ylab yetti kunlik sayohat kishi boshiga taxminan $2,400 – $3,500 ga tushadi. Chexiya tinchlik, madaniyat va bayramona muhitni qadrlovchilar uchun ideal yo‘nalish hisoblanadi.

BAA — Qishda yoz harorati va zamonaviy hashamat

Foto: Emirati Times

Qishda Birlashgan Arab Amirliklari iliq iqlimi va zamonaviy infrastrukturasi bilan butun dunyo sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Boshqa o‘lkalarda sovuq ob-havo hukm surayotgan bir paytda Dubay va Abu-Dabi shaharlarida mo‘tadil harorat kuzatiladi. Bu esa plyajlar va ochiq havodagi mashg‘ulotlar, xullas yoz taftini his qilish uchun ayni muddao bo‘ladi.

Sayohatchilar ko‘pincha mashhur Burj Khalifa, Palm Jumeirah, Dubai Mall, Abu Dhabi Louvre, Sheikh Zayed masjidi, Safari va Ferrari World kabi maskanlarga tashrif buyuradilar. Dekabr va yanvar oylarida turli festival va yirik tadbirlar o‘tkazilishini ham hisobga olish lozim. Amirlikka bir haftalik sayohat kishi boshiga taxminan $1,800 – $2,800 ga tushishi mumkin.

Tailand — Tropik iqlim va ekzotika

Foto: Go Kite Travel

Tailand sayohatchilarga qish mavsumida yoqimli ob-havo va ekzotik muhit taqdim etadi. Bu davrda havo issiq, ammo namlik past bo‘lib, Phuket, Krabi, Pattaya va Samui kabi dengiz bo‘yidagi kurortlarda hordiq chiqarish uchun minglab turistlar Tailandga tashrif buyuradilar.

Bangkok shahri esa tarixiy binolar, zamonaviy savdo markazlari va rang-barang shahar hayoti bilan kishini o‘ziga jalb qiladi. Tropik tabiat, milliy madaniyat va mashhur Tailand oshxonasi sayohatingizni yanada boyitadi. Ushbu mamlakatga kechadigan yetti kunlik sayohat kishi boshiga taxminan $1,500–$2,600 atrofida tushadi.

Misr — Tarix va dengiz bilan uchrashuv

Foto: Medium

Misr qish mavsumida sayohatchilar uchun tarix, madaniyat va dengiz manzaralarini birlashtirgan ideal manzil hisoblanadi. Bu davrda havo jazirama bo‘lmaydi. Qohiradagi piramidalar, Luksor va Asvandagi qadimiy ibodatxonalar hamda muzeylarni tomosha qilib, hordiq chiqarish bilan bir vaqtda tarixga sayohat qilish mumkin.

Nil daryosi bo‘ylab sayohatlar va ekskursiyalar turistlar orasida eng mashhuridir. Shuningdek, Qizil dengiz sohillaridagi Sharm al-Shayx va Hurghada kurortlari dayving, bepoyon dengiz va sokin plyajlari bilan turistlar oqimini jalb qiladi. Misrga bir haftalik sayohat bir kishi uchun taxminan $1,300 – $2,300 gacha tushishi mumkin.

Gruziya — Qorli tog‘lar va mehmondo‘st muhit

Foro: Adventour

Gruziya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz sayohat qilish imkonini beradigan yana bir jozibador mamlakat hisoblanadi. Undagi Gudauri va Bakuriani tog‘ kurortlari chang‘i ixlosmandlari orasida mashhur bo‘lib, turli qishki sport turlari bilan mashg‘ul bo‘lish uchun qulay sharoitlarga ega. Poytaxt Tbilisidagi tarixiy ko‘chalar, qadimiy arxitektura va milliy taomlar bilan tanishish sayohat sifatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Mtskheta, Kazbegi va Sighnaghi kabi maskanlar ham turistlar e’tiborini qozonib kelmoqda. Qishda Gruziya nisbatan tinch va xavfsiz joy bo‘lib, oilaviy va do‘stlar bilan sayohat qilish uchun yaxshi tanlovdir. Shunday qilib, Gruziyaga yetti kunlik sayohat kishi boshiga taxminan $1,200 – $2,050 ga tushishi mumkin.

Qirg‘iziston — Tabiat va qishki sokinlik

Foto: Live with purpose

Qirg‘iziston ham vizasiz kirish mumkin bo‘lgan eng yaqin davlatlardir. Qishda mamlakatda qorli manzaralar va sokin muhit hukmron bo‘ladi. Ko‘pchilik sayyohlar Issiqko‘l atrofidagi dala hovlilar yoki o‘tovlarga tashrif buyurishni afzal ko‘radilar. Arzon ekoturizm va osoyishta hordiqni sevuvchilar uchun mamlakatda sharoit yetarlicha.

Qirg‘iziston O‘zbekistonlik sayyohlar eng ko‘p sayohat qilinuvchi davlat hisoblanadi. Statistikaga ko‘ra, 2025-yil yanvar-avgust oylarida 2,3 mln fuqarolarimiz, ya’ni jami sayyohlarning 44 foizi sayohat uchun aynan shu mamlakatni tanlagan. Bir o‘zbekistonlikning Qirg‘izistonga yetti kunlik sayohati o‘rtacha $650 – $1,100 ga tushishi mumkin.

Ma’lumot uchun, ko‘rsatilgan xarajatlar mavsum, xizmat ko‘rsatuvchi firma, mehmonxona va boshqa omillarga qarab o‘zgarishi mumkin.

DavlatKishi boshiga taxminiy xarajatXarajatlar tarkibi
Shveysariya$3,600 – $4,500+Parvoz, mehmonxona (7 tun), oziq-ovqat, lokal transport, Shengen viza (~$90–120)
Norvegiya$3,200 – $4,400+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport, Shengen viza
Avstriya$3,000 – $4,000+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport, Shengen viza
AQSh (Nyu‑York)$3,000 – $4,500+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport, B2 turist vizasi (~$160–200)
Chexiya$2,400 – $3,500+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport, Shengen viza
Birlashgan Arab Amirliklari$1,800 – $2,800+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport (viza talab qilinmaydi 30 kungacha)
Tailand$1,500 – $2,600+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport (30 kungacha vizasiz)
Misr$1,300 – $2,300+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport, vizani aeroportda olish (~$25–30)
Gruziya$1,200 – $2,050+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport (60 kungacha vizasiz)
Qirg‘iziston$650 – $1,100+Parvoz, mehmonxona, oziq-ovqat, transport (60 kungacha vizasiz)

Sovuq o‘lkalarga sayohatda kerak bo‘ladigan narsalar

Visual Crossing nashriga ko‘ra, sovuq o‘lkalarga sayohat qilishdan oldin ob-havo sharoitini tekshirish lozim. Issiq kiyimlar, termal ichki kiyimlar va sifatli etiklar sovuqdan himoya qiladi, shuningdek, teri va ko‘zlarni sovuq hamda quyoshdan himoya qilish zarur. Sayohat davomida yetarlicha suyuqlik ichish, kerakli dori-darmonlarni ham olib yurish sayohatdan sog‘lom qytishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonliklar eng kam sayohat qiladigan yo‘nalishlar haqida yozgan edik.