Rossiya Markaziy banki yangilangan 1000 rubllik banknotani taqdim etdi

Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki zamonaviy dizayndagi 1000 rubllik banknotani taqdim etdi. Kuchaytirilgan himoya tizimiga ega bo‘lgan ushbu yangi pul belgisi eski namunadagi kupyuralar bilan parallel ravishda muomalada bo‘ladi.
Banknotaning old tomonida Nijniy Novgorod kremlining Nikolskaya minorasi, orqa tomonida esa Saratov avtomobil ko‘prigi, «Meteor-120R» kemasi hamda Qozon shahridagi Dehqonlar saroyi tasvirlangan. Shuningdek, kupyurada uning badiiy bezagi va haqiqiylik belgilarini tekshirish imkonini beruvchi maxsus QR-kod joylashtirilgan.
Bu Markaziy bankning 1000 rubllik kupyura dizaynini yangilash bo‘yicha ikkinchi urinishidir. 2023-yilda taqdim etilgan dastlabki versiya sababli janjal yuzaga kelgan edi. Rus pravoslav cherkovi vakillarining tanqididan so‘ng dizayn qayta ishlashga yuborilgan. Yangi banknota 1997-yilgi namunadagi pullarning o‘rnini birdaniga egallamaydi, balki tabiiy eskirish jarayonida asta-sekin almashtirib boriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Kongressmeni Tramp suratini $100 kupyuraga joylashtirishni taklif qilgan haqida xabar bergan edi.