
Mashhur texnobloger JerryRigEverything Samsung Galaxy TriFold modelini an’anaviy mustahkamlik sinovlaridan o‘tkazdi. Qurilma tirnalish, qum, bukish va qismlarga ajratish testlarida tekshirilgan.
Bloger avvalo ichki ekran sifatiga e’tibor qaratdi. Boshqa buklanuvchi modellarda bo‘lgani kabi ekran yupqa himoya oynasi va uning ustiga yopishtirilgan plastik plyonka bilan qoplangan. Ushbu plyonka oson tirnaladi va Galaxy TriFold ham bu jihatdan istisno bo‘lmadi.
Qum bilan o‘tkazilgan sinovda smartfon ishlashda davom etdi. Biroq qum ilgaklar harakatiga xalaqit berdi. Qurilma silkitilgach, mexanizm yana normal ishlay boshlagan. Shu bilan birga, bunday holat ilgaklarning uzoq muddatli ishlashiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi qayd etildi.
Bukish sinovi esa qurilma uchun eng muammoli bo‘ldi. Katta ichki ekran, juda yupqa korpus va ikkita ilgak Galaxy TriFold’da bir nechta zaif nuqtalar borligini ko‘rsatdi. Sinov natijasida smartfon bukishga chiday olmadi va shikastlandi.
Sinov yakunida bloger smartfonni to‘liq qismlarga ajratdi. Ichki tuzilma ko‘rsatishicha, qurilmaning har bir bo‘limida alohida akkumulyator bloki joylashtirilgan. Bu yechim murakkab konstruksiya va ta’mirlash jarayonining ham qiyinligini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung S Pen’ni qayta joriy qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.
