Yangiliklar

Samsung texnologiyalarini Xitoyga sizdirgan sobiq xodimlar qo‘lga olindi

Seul markaziy okrugi prokuraturasi bu ish doirasida o‘n nafar shaxsga ayblov e’lon qildi
Foto: Samsung

Samsung texnologiyalarini Xitoyga sizdirgan sobiq xodimlar qo‘lga olindi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda. Seul markaziy okrugi prokuraturasi bu ish doirasida o‘n nafar shaxsga ayblov e’lon qildi, ulardan besh nafari qamoqqa olindi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq Samsung xodimlari texnologik sirlarni Xitoyning ChangXin Memory Technologies (CXMT) kompaniyasiga yetkazgan. CXMT 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Samsung‘da bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan mutaxassisni o‘z loyihalariga rahbar sifatida jalb qilgan.

Ayblanuvchilar DRAM xotiralarini ishlab chiqarishning 18 nanometrli jarayoniga oid yuzlab bosqichlarni qo‘lda ko‘chirib olgan. Ushbu texnologiyani Samsung besh yil davomida ishlab chiqqan va unga 1,6 trln von sarmoya kiritgan. Yetkazilgan zarar kompaniya uchun 5 trln von, mamlakat iqtisodiyoti uchun esa o‘nlab trln von deb baholanmoqda.

Tergov davomida gumonlanuvchilar bir kunlik soxta kompaniya ochgani, ofislarni tez-tez almashtirgani va maxsus kodlangan aloqa tilidan foydalangani aniqlangan. O‘g‘irlangan ma’lumotlar Xitoy uskunalariga moslashtirilgan va bu CXMT’ga 2023-yildayoq ilg‘or xotira chiplarini ishlab chiqarishni boshlash imkonini bergan.

Prokuratura ushbu holatni milliy xavfsizlikka tahdid sifatida baholadi. Sababi yarimo‘tkazgich sanoati Janubiy Koreya eksportining 20 foizidan ortig‘ini ta’minlaydi. Rasmiylar texnologiyalarni xorijga noqonuniy olib chiqishga qarshi keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung S Pen’ni qayta joriy qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.