Suriyada yangi banknotalar muomalaga kiritiladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-yanvardan boshlab
Foto: depositphotos.com

Suriya Markaziy banki 2026-yil 1-yanvardan boshlab eski banknotlarni yangi pullarga almashtirish jarayonini yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda mamlakat Markaziy bank raisi Abdelkader Husrieh ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Al Arabiya nashri.

Ushbu qaror Assad davrida muomalaga chiqarilgan pullarni bosqichma-bosqich almashtirish va milliy valyuta qiymatini mustahkamlashga qaratilgan.

So‘nggi o‘n yildan ortiq davom etgan urush, xalqaro sanksiyalar va moliyaviy yakkalanish oqibatida jiddiy zaiflashgan iqtisodiyotni tiklash Suriya yangi hukumati oldidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Prezident Ahmad al-Sharaa boshchiligidagi hukumat davlat institutlarini qayta qurish va iqtisodiyotni jonlantirishga urinmoqda.

Markaziy bank rahbarining aytishicha, pul almashtirish muddati va joylarini belgilash bo‘yicha vakolat bankning o‘ziga berilgan, yaqin kunlarda bu borada aniq ko‘rsatmalar e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, ayrim bankirlar yangi pul muomalaga kiritilishi inflyatsiyani kuchaytirishi va allaqachon yuqori narxlardan aziyat chekayotgan aholining xarid qobiliyatini yanada pasaytirishidan xavotir bildirmoqda. Biroq Husrieh bu jarayon tartibli va bosqichma-bosqich amalga oshirilishini, keskin iqtisodiy silkinishlarga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Markaziy bank raisi 27-dekabr kuni maxsus matbuot anjumani o‘tkazilib, banknotlarni almashtirish jarayonining barcha tafsilotlari va muddatlari rasman tushuntirilishini ham ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh 2026-yildan dollarning yangi namunalarini muomalaga kiritishi haqida yozgandi.

Shuningdek