Toshkent shahri va viloyatida bir oyda 1128 ta ekologik huquqbuzarlik aniqlandi

25-noyabrdan 24-dekabrgacha bo‘lgan davrda Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan ekoreydlar davomida 1128 ta huquqbuzarlik aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
25-noyabrdan 24-dekabrgacha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 1128 ta huquqbuzarlik aniqlanib, ular bo‘yicha ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirildi. Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan 110 ta obyektning faoliyati (99 tasi Toshkent viloyatida, 11 tasi Toshkent shahrida) 10 ish kunigacha vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, 94 ta issiqxona obyektida chang-gaz tozalash uskunalari (filtrlar) o‘rnatildi, 6 ta obyekt gaz tarmoqlariga ulandi va yana 7 ta obekt gazlashtirish uchun texnik shartlar olishga ariza topshirdi.
24-dekabr holatiga ko‘ra, Maxsus komissiya Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Yangiyo‘l va Toshkent tumanlarida reyd tadbirlari amalga oshirdi. Reydlar davomida 3707 ta obyekt tekshirildi va 8 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmasligi haqida xabar bergan edik.