
Poytaxtda uzoq kutilgan dizayn-kodni joriy etish va uni qo‘llashni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjat ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Bu haqda 25-dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qurilish, kommunal xo‘jalik, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Kengash qaroriga muvofiq, dizayn-kodni tartibga soluvchi ilovalar yaqin kunlarda regulation.gov.uz platformasida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Ushbu jarayonda aholi hamda mutaxassislar hamjamiyati hujjat bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflari va savollarini bildirish imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrining dizayn-kodi Citymakers International kompaniyasi va Toshkent Invest bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Hujjat yagona, qulay va xavfsiz shahar muhitini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, poytaxtdagi binolar va jamoat joylarining tashqi ko‘rinishi uchun aniq va tushunarli qoidalarni belgilaydi. Shuningdek, u shahar muhitida tartibli, estetik va zamonaviy ko‘rinishni qaror toptirishni maqsad qiladi.
Dizayn-kod binolar arxitekturasi, peshlavha va reklama joylashtirish qoidalari, obodonlashtirish elementlari, ko‘cha infratuzilmasi hamda tarixiy muhitni asrab-avaylash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Bundan tashqari, hujjatda yondosh hududlardan oqilona foydalanish masalalari hamda alohida rejimli sayyohlik ko‘chalari ro‘yxatini belgilash nazarda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahrida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etilishi haqida yozgandi.