Toshkentda rezidentlar uchun pulli avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etiladi

Toshkent shahrida pulli to‘xtab turish joylarida yashovchi fuqarolar uchun rezident avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etilmoqda. Poytaxt hokimi qaroriga ko‘ra, har bir turar joy manzili bo‘yicha ko‘pi bilan ikki dona rezident ruxsatnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.
Yangi tartibga asosan, rezidentlar uchun avtomobilni kechasi soat 20:00 dan ertalab 08:00 gacha pulli to‘xtash joylarida bepul qo‘yish imkoniyati bo‘ladi. Kunduzgi vaqtda esa belgilangan tariflar asosida to‘lov undiriladi. Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi.
Yillik rezidentlik ruxsatnomasi uchun bir bazaviy hisoblash miqdori to‘lanadi. Hozirgi kunda bu summa 412 ming so‘mni tashkil etadi. Ruxsatnoma faqat bitta transport vositasiga nisbatan amal qiladi.
Mazkur tartib 2026-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalq demokratik partiyasi rasmiy bayonot bilan chiqib, Toshkentdagi pullik avtoturargoh tariflarini qayta ko‘rib chiqish lozimligini aytgandi. Poytaxtda 14 mingga yaqin pullik to‘xtash joylari tashkil etilgan bo‘lsa-da, kuniga mashinasini 8 soat qoldiradigan xodim uchun to‘lov 100 ming so‘mga yaqinlashmoqda. Bu oylik xarajatlar eng kam ish haqidan ham oshib ketishi mumkinligini anglatadi.