Avto

Hyundai IONIQ 3 avtomobili haqida dastlabki ma’lumotlar e’lon qilindi

Modelning taqdimoti keyingi yil boshiga rejalashtirilgan.
Foto: Electrek

Hyundai IONIQ 3 avtomobilining rasmiy tasvirlari paydo bo‘ldi. Bu haqda Electrek xabar berdi. Modelning taqdimoti keyingi yil boshiga rejalashtirilgan.

IONIQ 3 dizayni Aero Hatch uslubida ishlab chiqilgan. Korpus pastroq, osmalar qisqa va umumiy siluet klassik sport xetchbeklarga yaqin. Shu bilan birga, IONIQ oilasiga xos pixel uslubidagi yoritish elementlari saqlab qolingan, biroq avtomobil tashqi ko‘rinishda ancha agressivroq bo‘ladi.

N-Line versiyasida yangilangan bamperlar, sport disklar, orqa spoyler va «N» logotipi ko‘zga tashlanadi. Odatda Hyundai’da N-Line versiyalari to‘liq N-modifikatsiyalardan oldin paydo bo‘ladi. Shu sabab IONIQ 3’ning yanada kuchli sport talqini ham vaqt masalasi bo‘lishi mumkin.

Foto: Hyundai

O‘lchamlari bo‘yicha IONIQ 3 mashhur ixcham segmentga kiradi va bozorda Kia EV3 hamda Volkswagen ID.3 bilan raqobat qiladi. Texnik tafsilotlar hali rasman e’lon qilinmagan. Biroq model 58,3 yoki 81,4 kVt·soatli batareyalar bilan taklif etilishi va yurish zaxirasi 585 km’gacha yetishi kutilmoqda.

Narx masalasida IONIQ 3 Kona Electric’dan arzonroq bo‘lishi rejalashtirilgan. Boshlang‘ich narx taxminan 25 ming funt atrofida bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Atlas gumonoid roboti taqdim etilgani haqida yozgan edi.