
Turkiya politsiyasi mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan keng ko‘lamli reydlar davomida IShID terrorchilik guruhiga a’zolikda gumonlangan 115 kishini hibsga oldi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Tergov davomida jami 137 nafar gumonlanuvchini hibsga olish bo‘yicha order berilgan bo‘lib, qolgan 22 kishini qidirish ishlari davom etmoqda. Politsiya 124 ta manzilda tintuv o‘tkazib, to‘pponchalar, o‘q-dorilar va tashkilotga oid hujjatlarni musodara qilgan.
«IShID qurolli terrorchilik tashkiloti mamlakatimizga, xususan, bo‘lajak Rojdestvo va Yangi yil tadbirlari doirasida harakatlarni amalga oshirishni rejalashtirgani haqida ma’lumotlar topildi», – deyiladi Istanbul prokuraturasi bayonotida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sidneydagi qonli hujum ijrochilari IShID g‘oyasidan ilhomlangani haqida xabar bergan edi.