
Hukumati tomonidan O‘zbekistonda umumxalq bayramlarining g‘oyaviy-ma’naviy mazmunini kuchaytirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 50 dan ortiq umumxalq bayramlari, muhim sanalar, kasb bayramlari va xalqaro kunlar turli darajada nishonlanmoqda. Har bir bayramning o‘ziga xosligini hisobga olib, bayramlarga ta’sirchan va jozibador musiqiy atributlar, o‘ziga xos taronalar va turli bezaklar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, har bir umumxalq bayramining g‘oyaviy-ma’naviy mazmuni, tarixiy shakllanishi va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini ochib beruvchi qo‘llanmalar tayyorlanadi va keng jamoatchilikka tarqatiladi. Bayram kunlariga oid ommabop adabiyotlar, jumladan, «O‘zbekiston bayramlari» kitobi tayyorlanib, chop etiladi.
Bayramlar doirasida «Eng iqtidorli yosh» aksiyasi va interaktiv tadbirlar o‘tkazilib, muvaffaqiyatga erishgan yoshlar keng jamoatchilikka tanitiladi va boshqa yoshlarga ruhlantiruvchi misol sifatida taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil uchun qo‘shimcha dam olish kunlari haqida xabar bergan edik.