Yangiliklar

Xitoy Tayvan sababli AQShning 20 ta mudofaa kompaniyasiga sanksiya joriy qildi

«Qora ro‘yxat»dan 10 nafar yuqori martabali shaxs joy oldi
Foto: South China Morning Post

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQShning Tayvanga qurol yetkazib berishi sababli 10 nafar shaxs va 20 ta mudofaa kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda The Economic Times xabar bermoqda.

Joriy etilgan choralar sanksiyaga tushgan kompaniyalar va shaxslarning Xitoydagi aktivlarini muzlatish hamda mahalliy tashkilotlarga ular bilan biznes qilishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Ro‘yxatga kiritilgan jismoniy shaxslarga, jumladan, Anduril Industries asoschisi va to‘qqiz nafar yuqori martabali rahbarga Xitoy hududiga kirish man etildi.

Sanksiyalar nishoniga aylangan kompaniyalar orasida Boeing kompaniyasining Sent-Luis filiali, Northrop Grumman Systems Corporation va L3Harris Maritime Services kabi yirik korxonalar bor. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Tayvan masalasini ikki davlat munosabatlaridagi «bosib o‘tib bo‘lmaydigan birinchi qizil chiziq» deb atadi va Vashingtonni orolni qurollantirishdek «xavfli» harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbeksitan Xitoy 2027-yil oxiriga borib Tayvanga qarshi urush ochishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.