Xitoyning Markaziy Osiyodagi investitsiyalarini kengaytirishi nimani anglatadi

Yevroosiyo taraqqiyot bankining 25-dekabr kuni e’lon qilingan «Xitoy va Yevroosiyo mintaqasi: Investitsiya oqimlari tahlili» hisobotiga ko‘ra, Xitoydan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘sishda davom etmoqda va Pekin har yili mintaqa iqtisodiyotidagi ulushini oshirib bormoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu investitsiyalar bilan Xitoy energetika, infratuzilma va ishlab chiqarish kabi muhim iqtisodiy sohalardagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Shu bilan birga, ushbu investitsiyalar mintaqaning iqtisodiy o‘sishiga, ekologik vaziyatni yaxshilashga va infratuzilmani modernizatsiya qilishga hissa qo‘shadi.
Hisobotda aytilishicha, Xitoyning Markaziy Osiyodagi to‘g‘idan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari hajmi 2016-yildagi $19,6 milliarddan 2025-yilning o‘rtalariga kelib $35,9 milliardga oshgan. Xususan, ushbu investitsiyalarning 32 foizi Qozog‘iston iqtisodiyotiga, 30 foizi O‘zbekistonga, 27 foizi Turkmanistonga, 6 foizi Tojikistonga va 5 foizi Qirg‘izistonga kiritilgan.
O‘zbekiston
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Xitoyning to‘g‘idan to‘g‘ri investitsiyalarining ikkinchi yirik oluvchisiga aylandi. 2025-yil holatiga ko‘ra, jami investitsiyalar $10,7 milliardni tashkil etadi, bu mintaqadagi Xitoy investitsiyalarining 30 foizini tashkil etadi.
Investitsiyalarning asosiy qismi energetika sektoriga (51 foiz), ishlab chiqarishga (31 foiz) va qayta tiklanadigan energiya manbalariga yo‘naltiriladi.
Eng yirik loyihalardan biri Buxoro viloyatida $3,3 milliardlik investitsiyalar bilan olefin majmuasini qurishdir. Shamol elektr stansiyalari va gaz infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda.
Qozog‘iston
2025-yilda Qozog‘istonga Xitoyning to‘g‘idan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarining umumiy hajmi $11,4 milliardni tashkil etadi, Xitoy kompaniyalari ishlab chiqarish sanoati, energetika va infratuzilmaga faol investitsiya kiritmoqda.
Eng yirik loyihalardan biri Sinopec kompaniyasining Atirau viloyatidagi Sileno gaz-kimyo majmuasidagi ishtirokidir. 2024-yilda yangi loyihalar ishga tushirildi: Chimkentda metallurgiya zavodi va Buxoro viloyatida shamol elektr stansiyalari.
Tojikiston
Tojikistondagi Xitoyning to‘g‘idan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari so‘nggi o‘n yil ichida $1,4 milliarddan $2,2 milliardgacha oshdi. Tojikiston Xitoyning Markaziy Osiyodagi to‘g‘idan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar portfelining 6 foizini tashkil qiladi. Xitoy investitsiyalarining aksariyati ikki sohaga: xomashyo va ishlab chiqarishga qaratilgan.
Xomashyo sektori barcha investitsiyalarning 45 foizini ($978 million) oladi, so‘nggi 10 yil ichida yillik o‘sish 5 foizni tashkil etdi. Ishlab chiqarish 42 foizni ($911 million) tashkil etadi, yillik o‘sish sur’ati 2,3 foizni tashkil etadi.
Tojikistonga Xitoyning to‘g‘idan to‘g‘ri investitsiyalari hozirda bitta faol sanoat loyihasi va qayta tiklanadigan energiya sohasidagi bir qator istiqbolli tashabbuslardan iborat.
Amalga oshirilayotgan asosiy loyiha Tibet Huayu Mining ishtirokida So‘g‘d viloyatidagi Talco Gold konini o‘zlashtirishdir. Kapital qo‘yilmalar xitoylik investorning 50 foiz ulushiga ega bo‘lgan qo‘shma korxona orqali amalga oshiriladi. Umumiy budjet $136 millionga baholanmoqda.
Loyiha kompaniyaning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda, ular kapital qazib olish ishlari, kon infratuzilmasi va uskunalar sotib olishga sarflanmoqda.
2025 va 2028-yillar oralig‘ida Eging PV Technology 1,5 GVt gacha quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan bir qatorda, China Datang Overseas ikkita loyihani ishlab chiqmoqda: So‘g‘d viloyatida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va Xatlonda quyosh modullarini ishlab chiqarish zavodi.
Barcha loyihalar Xitoy kompaniyalarining o‘z mablag‘lari asosida, qabul qiluvchi mamlakatning aniq budjet yordamisiz dastlabki investitsiyalar bo‘lishi mo‘ljallangan. Kapital qurilish 2025–2026-yillarning ikkinchi yarmida, texnik-iqtisodiy asoslash ishlari yakunlangandan va maydonchani tasdiqlashdan so‘ng boshlanishi kutilmoqda.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistondagi Xitoyning to‘g‘idan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari $2,1 milliardni tashkil etadi, bu Markaziy Osiyoga Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmining 5,8 foiziga to‘g‘ri keladi.
Investitsiyalarning asosiy qismi tog‘-kon va ishlab chiqarish sanoatiga yo‘naltiriladi.
Yirik loyihalar qatoriga quyosh elektr stansiyasi qurilishi va 2024-yilda boshlangan Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li kiradi. Xitoy mamlakatda infratuzilmani, jumladan, logistika va chiqindilarni qayta ishlash sohalarini rivojlantirishda davom etmoqda.

Turkmaniston
Xitoyning Turkmanistonga to‘g‘idan to‘g‘ri investitsiyalari 2025-yilning o‘rtalariga kelib $5,6 milliarddan $9,5 milliardgacha oshdi. Asosiy o‘sish 2016–2021-yillardagi energetika loyihalaridan kelib tushdi.
Asosiy loyihalardan biri CNPC ishtirokidagi Bagtiyarlik konini o‘zlashtirishdir. So‘nggi yillarda xitoylik investorlar o‘z e’tiborlarini mavjud loyihalarni amalga oshirishga qaratdi.
Avvalroq «Kursiv» qozog‘istonlik neft va gaz bo‘yicha mutaxassis Asqar Ismoilov beshta mamlakatning milliy gaz uzatish tizimlarini Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimiga o‘xshash yagona tarmoqqa birlashtiradigan Markaziy Osiyo gaz halqasini yaratishni taklif qilgani haqida yozgandi.
Shuningdek, «Gazprom» 2030-yilga borib Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga gaz eksportini oshirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.