Yandex «Alisa» va aqlli qurilmalar uchun yangilanishni taqdim etdi

Yandex Yangi yil arafasida «Alisa» ovozli yordamchisi va aqlli qurilmalari uchun navbatdagi yirik yangilanishni e’lon qildi. Yangi paket o‘ndan ortiq kutilgan funksiyalarni, jumladan, ovoz va kontent boshqaruvidagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.
«Dom s Alisoy» ilovasida foydalanuvchining yillik faolligi, jumladan, musiqa tinglash vaqti va aqlli uy ssenariylari statistikasi paydo bo‘ldi. Shuningdek, «Alisa» endi murakkab so‘rovlarni tushunadi. Masalan, oddiy prognoz o‘rniga «1-yanvarda qor yog‘adimi?» yoki «Soyabon olishim kerakmi?» kabi savollarga aniq javob bera oladi.

Yangi imkoniyatlar qatorida «Sputnik» domofonlarini aqlli uy tizimiga ulash va eshikni ovozli buyruq bilan ochish funksiyasi yo‘lga qo‘yildi. Sovg‘a sifatida xarid qilingan stansiyalar uchun endi xaridor tomonidan oldindan shaxsiy tabrik yozib qoldirish imkoniyati mavjud. Musiqa tinglashda esa neyrotarmoq asosida treklarni DJ kabi miks qiluvchi «AI-setlar» rejimi qo‘shildi.

Kompaniya «Alisa Pro» obunasini «Alisa Plus» deb o‘zgartirdi va unda ingliz tili repetitori hamda kuchli generativ modellar bilan ishlash imkoniyatini kengaytirdi. «Stansiya Duo Max» va TV-stansiyalarda atrof-muhit shovqiniga qarab tovushni avtomatik sozlaydigan adaptiv ovoz tizimi ishga tushdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex sun’iy intellektga asoslangan quloqchinlarini namoyish etgani haqida xabar bergan edi.