Yangiliklar

2026-yildan elektron ishonchnomalar platformasi ishga tushiriladi

2026-yil 1-yanvardan ishga tushiriladi
Foto: digital design

Vazirlar Mahkamasi elektron ishonchnomalarni rasmiylashtirish va hisobga olish bo‘yicha onlayn platforma to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

Vakolat.uz platformasi 2026-yil 1-yanvardan ishga tushiriladi. U orqali fuqarolar va tashkilotlar ishonchnomalarni rasmiylashtirish, o‘zgartirish, bekor qilish va haqiqiyligini tekshirish imkoniga ega bo‘ladi. Platformadan foydalanish bepul bo‘ladi.

Yuridik shaxslar ixtiyoriy ravishda o‘zlari tomonidan rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Elektron ishonchnomalar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan majburiy tarzda qabul qilinadi va qog‘oz shaklidagi ishonchnoma bilan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Ishonchnomani rasmiylashtirish uchun ariza beruvchi OneID orqali ro‘yxatdan o‘tishi va arizani elektron raqamli imzo yoki Face ID orqali tasdiqlashi kerak. Shundan so‘ng ishonchnoma avtomatik tarzda yaratiladi va tomonlarga yuboriladi. Muddati tomonlar kelishuviga ko‘ra belgilanadi, eng ko‘pi bilan 3 yil.

Platforma operatori sifatida Adliya vazirligi ishonchnomalarning elektron reyestrini yuritadi. Undagi hujjatlarni unikal raqam orqali qidirish barcha uchun ochiq bo‘ladi.

Platforma fevral oxirigacha mobil ilova shaklida ishga tushiriladi va Notarius tizimi bilan integratsiyalashuvi amalga oshiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nikoh yoshi bo‘yicha qonun buzilishiga javobgarlik kuchaytirilishi mumkinligini yozgandi.