Gadjetlar

220 dollarlik Tecno Pova Curve 2 5G budjet smartfoni taqdimotga tayyorlanmoqda

Smartfon 8000 mA·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi
Foto: Timesbull

Tecno kompaniyasi arzon segmentga mo‘ljallangan yangi Pova Curve 2 5G smartfonini taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Xpertpick nashri xabar berdi.

Yangilik katta sig‘imli akkumulyator, yuqori chastotali ekran va hali rasman e’lon qilinmagan yangi chipset bilan ajralib turadi. Qurilma narxi $220 atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Smartfon 8000 mA·soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Bu bozor uchun rekord ko‘rsatkich bo‘lmasa-da, uzoq ishlash muddatini ta’minlaydigan juda kuchli yechim hisoblanadi. Qurilma 45 Vt tezkor zaryadlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa o‘z toifasidagi smartfonlar orasida yaxshi natija sanaladi.

Foto: Xpertpick

Tecno Pova Curve 2 5G’ning yana bir muhim jihati — 144 Gts yangilanish chastotasiga ega OLED ekran. Displey diagonali 6,78 dyuym, aniqligi esa 1.5K bo‘lishi aytilmoqda. Bu xususiyatlar smartfonni nafaqat kundalik foydalanish, balki o‘yin va multimedia uchun ham jozibador qiladi.

Qurilmaning markaziy protsessori sifatida MediaTek Dimensity 7100 platformasi tanlangan. Ushbu chipset hozircha rasman taqdim etilmagan bo‘lsa-da, u yangi avlod o‘rta sinf yechimi bo‘lishi kutilmoqda. Smartfon 8 yoki 12 GB tezkor xotira, 128 yoki 256 GB ichki xotira variantlarida taqdim etiladi.

Kamera qismi 50 megapikselli asosiy modul bilan ifodalanadi. Dasturiy ta’minot sifatida esa Android 16 operatsion tizimi va Tecno’ning HiOS 16 interfeysi o‘rnatiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 110 dollarlik yangilangan Tecno Spark Go 5G taqdim etilgani haqida yozgandi.