Abdumannop Buriyev biznes-ombudsman etib tayinlandi

Abdumannop Buriyev prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – biznes-ombudsman lavozimiga tayinlandi. Bu haqda ombudsmanning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Tayinlovdan oldin u Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritgan.
Buriyev 1986-yilda Toshkent viloyati Bekobod shahrida tug‘ilgan, oliy ma’lumotli. 2010-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2016-yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi huquqshunos.
Mehnat faoliyatini 2011-yilda Adliya vazirligi Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi 1-toifali ish yurituvchi kotibi lavozimidan boshlagan Buriyev turli mas’ul lavozimlarda, jumladan Adliya vazirligi Tashkiliy-nazorat va strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i hamda Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turizm qo‘mitasiga Abdulaziz O‘rolboyevich Aqqulov tayinlangani haqida yozgandi.