
Chevrolet kompaniyasining S10 pikapi Braziliya bozoridagi eng uzoq umr ko‘rgan modeli sifatida tarixga kirdi. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.
Model 2025-yilda Braziliyada ishlab chiqarilayotganiga 30 yil to‘lishini nishonladi va shu bilan birga Chevrolet brendi uchun muhim rekordni qayd etdi.
Chevrolet S10 ishlab chiqarilishi 1995-yilda GM’ning San-Joze-dus-Kampusdagi zavodida boshlangan. U Braziliyada mahalliy ishlab chiqarilgan birinchi o‘rta o‘lchamli pikap bo‘lgan va vaqt o‘tishi bilan mamlakat avtomobil bozoridagi eng ramziy modellardan biriga aylangan.
General Motors ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 30 yil davomida Braziliyada 1 milliondan ortiq Chevrolet S10 sotilgan. Ushbu ko‘rsatkich segment uchun rekord hisoblanadi. Model millionlik marrani 2020-yilda, bozordagi 25 yilligi bilan bir vaqtda bosib o‘tgan. 2025-yilda esa S10 nomi o‘zgarmagan holda mamlakatda eng uzoq vaqt ishlab chiqarilgan Chevrolet modeli maqomini oldi.
Hozirda ishlab chiqarilayotgan uchinchi avlod Chevrolet S10 barqaror savdo ko‘rsatkichlarini saqlab kelmoqda. 2026-model yili uchun pikap yangilangan bo‘lib, unda standart jihozlar ro‘yxati kengaytirilgan, zamonaviy texnologiyalar va xavfsizlik tizimlari qo‘shilgan. Bu S10’ni Braziliya bozoridagi eng texnologik pikaplardan biriga aylantirgan.
Toyota Hilux va Ford Ranger kabi kuchli raqobatchilar fonida ham Chevrolet S10 o‘z pozitsiyasini saqlab qolmoqda. Ushbu modellarning aksariyati Argentinadan import qilinayotgan bo‘lsa, S10 segmentdagi yetakchi uchlik orasida Braziliyada mahalliy ishlab chiqariladigan yagona pikap bo‘lib qolmoqda. Model, shuningdek, Janubiy Amerika bozori uchun mo‘ljallangan 2026-yil yangi avtomobillari qatoridan ham o‘rin olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Tracker avtomobilini sotib olishning 5 asosiy sababi haqida yozgandi.