Nikoh yoshi bo‘yicha qonun buzilishiga javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

eʼlon qilindi
Loyihada nikoh yoshini kamaytirish masalasi ham qayta ko‘rib chiqilgan
Turkiyada oila qurish bo'yicha o'zbekistonliklar ikkinchi o'rinda
Foto: Jennifer Scholtz / Linkedin

O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, yon shajara bo‘yicha ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi qarindoshlar — tog‘a va amaki, amma va xola hamda ularning jiyanlari, shuningdek, tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, farzandlikka olingan yoki o‘gay farzand bilan bog‘liq holatlar mustasno etilib, agar nikohlanuvchilar o‘rtasida haqiqatda qarindoshlik darajasi mavjud bo‘lmasa, bunday nikohga ruxsat berilishi mumkin.

Loyihada nikoh yoshini kamaytirish masalasi ham qayta ko‘rib chiqilgan. Homiladorlik yoki bola tug‘ilishi bilan bog‘liq holatlarda nikohga kirishni istagan shaxslarning arizasiga asosan nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman yoki shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirish huquqiga ega bo‘lishi belgilanyapti.

Eng muhim o‘zgarishlardan biri — nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishganlik uchun javobgarlikning keskin kuchaytirilishidir. Agar bunday qilmish ilgari ma’muriy jazoga tortilgandan keyin takror sodir etilsa, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50–100 baravarigacha, ya’ni 20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha etib belgilanishi mumkin. Shuningdek, 240–300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi qo‘llanishi nazarda tutilmoqda.

Taqqoslash uchun, amaldagi qonunchilikda bu kabi holatlar uchun jarima miqdori BHMning 20–30 baravari, ya’ni 8,24 mln so‘mdan 12,36 mln so‘mgacha bo‘lib, majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan cheklangan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda «Shajara» axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.

Shuningdek