Raiffeisen Bank O‘zbekiston kapital bozorini tartibga solish qumdoniga qo‘shildi

eʼlon qilindi
Bank O‘zbekistonda xorijiy nominal saqlovchi sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda
Raiffeisen Bank
Foto: Raiffeisen Bank

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Avstriyaning Raiffeisen Bank International AG bankini kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Shu tariqa bank ushbu mexanizm doirasidagi oltinchi ishtirokchi bo‘ldi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, Raiffeisen Bank O‘zbekistonda xorijiy nominal saqlovchi sifatida faoliyat yuritishni rejalashtirmoqda. Bank o‘z mijozlariga O‘zbekiston valyuta birjasi hamda «Toshkent» Respublika fond birjasi orqali sotib olingan qimmatli qog‘ozlarni saqlash va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish xizmatlarini taqdim etishni maqsad qilgan.

Raiffeisen Bank International AG Raiffeisen Banking Group tarkibidagi markaziy moliya instituti hisoblanadi. Bank Avstriya moliya bozorlarini nazorat qilish boshqarmasi (FMA), shuningdek, Yevrozonadagi yirik banklar uchun amal qiluvchi Yagona nazorat mexanizmi (SSM) doirasida Yevropa Markaziy banki nazorati ostida faoliyat yuritadi.

Bank xalqaro moliya bozorlarida yuqori e’tirofga ega. Xususan, 2024-yilda Euromoney jurnali Raiffeisen Bank’ni Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida kichik va o‘rta biznes uchun eng yaxshi bank deb topgan. Raqamli banking yo‘nalishida esa mijozlar tajribasini yaxshilash va operatsion samaradorlikni oshirish borasidagi yutuqlari alohida qayd etilgan. 2025-yilda bank Global Custodian Award mukofotiga sazovor bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi eng yaxshi subkastodian sifatida e’tirof etildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Armaniston kompaniyasi O‘zbekistonda «Tartibga solish qumdoni» ishtirokchisiga aylangani haqida yozgandi.

Shuningdek