Afgʻonistonda ayollarga qarshi siyosat mamlakat iqtisodiyotiga har yili 1 mlrd dollar zarar yetkazmoqda — BMT

eʼlon qilindi
Ayollarning qariyb 80 foizi ta’lim olish, mehnat qilish va kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlaridan mahrum
Foto: Imagen Punto de Luz / Depositphotos.com

BMT Xavfsizlik kengashi Afgʻonistondagi ayollar va qizlarning bugungi ahvolini ayanchli deya baholadi. Kengash tomonidan e’lon qilingan hisobotga koʻra, «Tolibon» joriy etgan gender cheklovlari mamlakat iqtisodiyotiga har yili kamida $1 mlrd zarar yetkazmoqda.

Hisobotda aytilishicha, Afgʻonistondagi ayollarning qariyb 80 foizi ta’lim olish, mehnat qilish va kasb-hunar oʻrganish imkoniyatlaridan mahrum. Ayollar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi erkaklarnikiga nisbatan keskin yuqori. Tibbiy xizmatlardan foydalanish ham koʻplab hududlarda jiddiy cheklangan.

BMT ekspertlari iqtisodiy bosim kuchaygani sababli koʻplab oilalar qizlarni erta va majburiy nikohga berishga majbur boʻlayotgani yuzasidan xavotir bildirdi. Bu holat ijtimoiy tengsizlikni yanada chuqurlashtirmoqda.

Avvalroq 2025-yil mart oyida BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasi (UNAMA) Jahon banki ma’lumotlariga tayanib, ayollar ta’limi va mehnatiga qoʻyilgan cheklovlar Afgʻoniston iqtisodiyotiga yiliga $1,4 mlrdgacha zarar yetkazishi mumkinligini bildirgan edi. Missiya vakillariga koʻra, «Tolibon» tomonidan qat’iy ijro etilayotgan cheklovlar mamlakatdagi iqtisodiy inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda.

Hisobotda iqtisodiyotga qoʻshimcha bosim sifatida Pokiston va Erondan afgʻon fuqarolarining majburiy qaytarilishi ham qayd etilgan. Qaytib kelayotgan qochqinlar davlat xizmatlari va mehnat bozoriga ogʻir yuk boʻlayotgani ta’kidlanadi.

Shuningdek, ayollarning gumanitar tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki cheklangani sababli xalqaro yordam mexanizmlari samaradorligi keskin pasaygan. Bu esa qaytgan qochqinlarga koʻmak berish imkoniyatlarini qisqartirgan.

Shu fonda Xalqaro jinoiy sud «Tolibon» yetakchilarini ayollar va qizlarni jins asosida tizimli ravishda ta’qib qilgani, ularni ta’lim olish, ishlash va erkin harakatlanish huquqlaridan mahrum etgani uchun javobgarlikka tortgan.

Bundan tashqari, mamlakatda OAV erkinligi ham keskin cheklangani qayd etildi. Ayniqsa, ayol jurnalistlar bosim va ta’qiblarga koʻproq duch kelmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mozori Sharifda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy texnika markazi ochilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek