Yangiliklar

Fransiyalik mashhur aktrisa Brijit Bardo vafot etdi

91 yoshda
Умерла Брижит Бардо
Foto: Gala jurnali

Fransuz kinematografiyasining eng yorqin timsollaridan biri, taniqli aktrisa Brijit Bardo 91 yoshda vafot etdi. Bu haqda Fransiyaning nufuzli nashri Le Figaro xabar berdi.

Brijit Bardo 1934-yilda Parijda tugʻilgan. U yoshligida balet bilan shugʻullangan, keyinchalik fotomodel sifatida faoliyat boshlagan. Aktrisa kinodagi ilk debyutini 1952-yilda «Normand tuynugi» komediyasida amalga oshirgan. Oradan koʻp oʻtmay, «Manina, bikinidagi qiz» filmidagi roli unga tomoshabinlar e’tiborini olib kelgan.

Haqiqiy jahon miqyosidagi shuhrat Bardo uchun 1956-yilda, turmush oʻrtogʻi Rojer Vadim rejissyorlik qilgan «Va Xudo ayolni yaratdi» filmi orqali boshlangan. Ushbu kartina uni Yevropa kinosining ramziga aylantirdi. Faoliyati davomida Bardo 50 dan ortiq filmlarda rol ijro etib, Alen Delon, Marchello Mastroyanni kabi mashhur aktyorlar bilan bir sahnada ishlagan, Jan-Lyuk Godar singari taniqli rejissyorlar bilan hamkorlik qilgan.

Aktrisa 1973-yilda kino faoliyatini yakunlab, hayotini hayvonlar huquqlarini himoya qilishga bagʻishladi. 1987-yilda u «Brijit Bardo fondi»ni tashkil etib, hayvonlarni muhofaza qilish loyihalariga millionlab frank mablagʻ toʻpladi hamda shaxsiy mulkini ham fond faoliyati uchun ajratdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etgani haqida xabar bergan edi.