
28-dekabr sanasi jahon madaniyati, siyosiy o‘zgarishlar va tabiiy ofatlar bilan tarixda qolgan. Kinematografiyaning paydo bo‘lishidan tortib, O‘zbekiston xaritasidagi ma’muriy o‘zgarishlargacha bo‘lgan voqealar shular jumlasidandir. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini taqdim etadi.

1895-yili Parijdagi Kaputsinlar bulvarida joylashgan «Grand Café» yerto‘lasida aka-uka Lui va Ogyust Lyumyerlar tomonidan tarixda ilk bor keng omma uchun tijoriy film namoyishi o‘tkazildi. Tarixiy seansda atigi 33 nafar tomoshabin ishtirok etgan bo‘lsa-da, «Ishchilarning fabrikadan chiqishi» va «Poyezdning La-Sota vokzaliga kelishi» kabi qisqa lavhalar kinematografiya erasini boshlab berdi.

1908-yilda Italiyaning Sitsiliya oroli va Kalabriya hududida Yevropa tarixidagi eng vayronkor ofatlardan biri — Messina zilzilasi yuz berdi. 7,5 balli yer silkinishi va uning ortidan ko‘tarilgan 10 metrlik sunami oqibatida Messina hamda Rejjo-Kalabriya shaharlari deyarli tekislanib, turli hisob-kitoblarga ko‘ra 80 mingdan 100 minggacha inson halok bo‘lgan.

1922-yili Nyu-Yorkda zamonaviy komikslar qiroli, «Marvel Comics» sobiq prezidenti Sten Li (Stenli Martin Liber) dunyoga keldi. U rassomlar Jek Kirbi va Stiv Ditko bilan hamkorlikda O‘rgimchak-odam, Temir odam, Xalk va Tor kabi qahramonlarni yaratib, komiks sanoatini shunchaki ermakdan global pop-madaniyat fenomeniga aylantirdi.

1925-yilda rus she’riyatining yorqin namoyandasi Sergey Yesenin Leningraddagi mehmonxonada 30 yoshida fojiali tarzda vafot etdi. Rasmiy versiyaga ko‘ra o‘z joniga qasd qilgan deb topilgan shoir, o‘limidan oldin o‘z qoni bilan «Xayr, do‘stim, xayr» deb nomlangan so‘nggi she’rini yozib qoldirgan.

1954-yili Gollivudning eng nufuzli aktyorlaridan biri Denzel Vashington tavallud topdi. U afroamerikalik aktyorlar orasida o‘ziga xos rekordchi bo‘lib, «Glory» (1989) va «Mashg‘ulot kuni» (2001) filmlaridagi ijrosi uchun ikki bor «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan hamda kino san’atidagi xizmatlari uchun Sesil B. DeMille mukofoti bilan taqdirlangan.

1973-yilda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining farmoniga asosan Samarqand va Sirdaryo viloyatlarining bir qismi hisobiga Jizzax viloyati mustaqil ma’muriy birlik sifatida tashkil etildi. Mirzacho‘l hududlarini o‘zlashtirish va paxtachilikni rivojlantirish maqsadida tuzilgan viloyat tarkibiga o‘sha vaqtda Jizzax shahri va 6 ta tuman kiritilgan edi.

1978-yili amerikalik qo‘shiqchi va kompozitor Jon Lejend (haqiqiy ismi Jon Rojer Stivens) dunyoga keldi. U san’at olamidagi eng nufuzli to‘rtta mukofot — «Emmy», «Grammy», «Oskar» va «Tony»ni qo‘lga kiritib, nufuzli «EGOT» maqomiga erishgan tarixdagi 15 nafar ijodkordan biriga aylandi.

2007-yilda Nepal parlamenti 240 yillik tarixga ega Shohlar sulolasi hukmronligini tugatib, mamlakatni Demokratik Federal Respublika deb e’lon qilish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritdi. Bu qaror uzoq yillik fuqarolar urushiga yakun yasab, qirol Gyanendraning hokimiyatdan chetlatilishiga va mamlakat boshqaruv shaklining to‘liq o‘zgarishiga olib keldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 26-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.