Yangiliklar

Oʻzbek klublari xalqaro musobaqalarda qancha mukofot puli ishlab oldi

«Nasaf» va «Andijon» xalqaro maydonlarda ishtirok etdi
Foto: FC «Nasaf»

2025-yilgi mavsumda xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan oʻzbek futbol klublari guruh bosqichini gʻalabasiz yakunlaganiga qaramay, turnir reglamentiga muvofiq muayyan miqdorda mukofot pullariga ega boʻldi.

OChL-2 turnirida ilk bor qatnashgan Andijon guruh bosqichida 6 ta uchrashuv oʻtkazdi. Jamoa 5 marta durang qayd etib, 1 marta magʻlub boʻldi. Gʻalaba qoʻlga kiritilmaganiga qaramay, klub turnirda ishtirok etgani uchun belgilangan $300 ming miqdoridagi mukofot pulini oldi. Reglamentga koʻra, guruh bosqichidagi har bir jamoaga $300 ming toʻlanadi. Bundan tashqari, har bir gʻalaba uchun $30 ming, keyingi bosqichga chiqish uchun esa $80 ming bonus nazarda tutilgan. Biroq «Andijon» ushbu qoʻshimcha mablagʻlarni qoʻlga kirita olmadi.

Elita darajadagi OChL turnirida ishtirok etgan Nasaf esa guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarda magʻlub boʻldi. Shunga qaramay, klub ishtirok uchun $800 ming miqdorida mukofot puli bilan taqdirlandi. Ushbu turnirda har bir gʻalaba uchun $100 ming, keyingi bosqichga chiqish uchun esa $200 ming bonus belgilangan, lekin «Nasaf» qoʻshimcha mukofotlar olish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Shu tariqa sport natijalari kutilgan darajada boʻlmaganiga qaramay, ikki oʻzbek klubi xalqaro turnirlarda ishtiroki orqali jami $1,1 mln miqdorida mukofot puli ishlab oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan oʻtgan yilgi mavsumda «Paxtakor» Elit Chempionlar ligasi doirasida qancha mablagʻ ishlab topgani haqida xabar bergan edi.