Yangiliklar

Oʻzbekistonda davlat idoralaridagi ortiqcha xizmat avtomobillari sotuvga chiqariladi

Avtotransport vositalari xatlovdan oʻtkaziladi
Chevrolet Malibu
Foto: Chevrolet

Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari tasarrufidagi xizmat avtotransport vositalari xatlovdan oʻtkazilib, belgilangan me’yorlardan ortiq boʻlganlari sotuvga chiqariladi. Bu haqda prezidentning davlat xaridlari tizimida raqobat va shaffoflikni kuchaytirishga qaratilgan farmonida belgilandi.

Hujjatga muvofiq, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda barcha davlat va mahalliy hokimliklarning xizmat avtomobillarini xatlovdan oʻtkazadi. Xatlov yakunlariga koʻra, limitdan ortiq avtotransport vositalari amaldagi tartibda sotiladi. Amalga oshirilgan ishlar boʻyicha 2026-yil 1-iyunga qadar Prezident administratsiyasiga axborot taqdim etiladi.

Shuningdek, Hisob palatasi va moliyaviy nazorat inspeksiyasi davlat buyurtmachilari tomonidan xizmat avtomobillarini xarid qilish ustidan doimiy nazorat oʻrnatadi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaning oldini olish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda davlat xaridlarida tovar va xizmatlar narxi bozor qiymatidan 20 foizdan oshmasligi lozimligini taʼkidlagan edi. Davlat rahbari, shuningdek, xizmat transportidan foydalanishni keskin qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarga oʻtish zarurligini bildirgan.

Shundan soʻng bosh vazir Abdulla Aripov xorijiy xizmat avtomobillaridan foydalanishni toʻxtatish boʻyicha topshiriq bergan. Hukumat a’zolari va hududiy hokimliklar xizmat avtomobili sifatida mahalliy ishlab chiqarilgan mashinalarga oʻtgan. Avval foydalanilgan xizmat avtomobillari esa bosqichma-bosqich «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi binosi 242 mlrd soʻmga sotilgani haqida xabar bergan edi.