Yangiliklar

Oʻzbekistonda hokim oʻrinbosarlari obodonlashtirish boshqarmalariga ham rahbarlik qiladi

2026-yil 1-yanvardan boshlab
Foto: Obodonlashtirish boshqarmasi

Prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab tuman va shahar hokimlarining qurilish, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida obodonlashtirish boshqarmalari boshligʻi hisoblanadi.

Qaror obodonlashtirish ishlarini yagona boshqaruv ostida samaraliroq tashkil etish hamda mahalliy budjetlarning moliyaviy mustaqilligini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan shahar obodonlashtirish boshqarmalari biriktirilgan hududlarga oʻzlari yetishtirgan mavsumiy gul koʻchatlarini ekishni boshlaydi. Ushbu amaliyot 2027-yildan respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi.

Bundan tashqari, obodonlashtirish boshqarmalariga issiqxonalar tashkil qilish, avtoturargohlarni xatlovdan oʻtkazish va ularga avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini oʻrnatish vazifalari belgilandi. 2026-yildan mahalliy budjetlarga boʻsh mablagʻlarni bank depozitlariga joylashtirish orqali qoʻshimcha daromad olishga ham ruxsat beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan hokim va uning o‘rinbosarlari har 5 yilda rotatsiya qilinishi haqida xabar bergan edi.