Rossiya benzin va dizel eksportiga qoʻyilgan taqiqni 2026-yil fevral oxirigacha uzaytirdi

Rossiya hukumati benzin, dizel yonilgʻisi hamda boshqa turdagi neft mahsulotlarini eksport qilishga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklovni yana uzaytirdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Hukumat qaroriga koʻra, avtomobil benzini eksportiga taqiq 2026-yil 28-fevralga qadar amal qiladi. Mazkur qaror ichki yonilgʻi bozorida barqarorlikni saqlash va narxlarning keskin oshib ketishini oldini olishga qaratilgan. Shu sanagacha dizel yonilgʻisi, kema yonilgʻisi hamda birja savdolari orqali xarid qilingan mahsulotlarni ham eksport qilish taqiqlanadi.
Hukumat aniqlik kiritishicha, cheklovlar barcha eksport qiluvchilarga tatbiq etiladi, biroq neft mahsulotlarini bevosita ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar bu taqiqdan mustasno.
Mazkur choralar dastlab iyul oyining oxirida Rossiyaning bir qator hududlarida benzin tanqisligi yuzaga kelgani va birja savdolarida yonilgʻi narxlari rekord darajaga chiqqani fonida joriy etilgan edi. Avvaliga taqiq faqat treyderlar, neft bazalari hamda yillik ishlab chiqarish hajmi 1 mln tonnadan kam boʻlgan kichik NQIZlarga nisbatan qoʻllangan.
Keyinchalik avgust oyida hukumat cheklovni 2025-yil 30-sentabrgacha, undan soʻng esa 2025-yil oxirigacha uzaytirgan edi. Kuz oylarida esa dizel yonilgʻisi va boshqa neft mahsulotlari eksportiga ham oʻxshash cheklovlar kiritilgan.
Ichki bozordagi vaziyat Ukraina harbiy hujumlari oqibatida Rossiyadagi bir qator neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati izdan chiqqani fonida yanada murakkablashdi. Avgust oyidan buyon 20 dan ortiq NQIZ zarbalarga uchragani, ularning ayrimlari qisman yoki toʻliq toʻxtagani haqida xabarlar tarqalgan.
Bloomberg hisob-kitoblariga koʻra, oktabr oyida Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi sutkasiga 4,86 mln barrelgacha qisqargan. Bu iyul oyiga nisbatan qariyb 10 foiz kam boʻlib, soʻnggi besh yil ichidagi eng past koʻrsatkich sifatida qayd etilgan.
Shu fonda kamida 50 dan ortiq hududda benzin tanqisligi kuzatilgan, ayrim mintaqalarda esa aholiga sotiladigan yonilgʻi hajmiga cheklovlar joriy etilgan. Vaziyatni yumshatish uchun Rossiya hukumati eksportni cheklash bilan birga, Belarusdan yonilgʻi xaridlarini oshirgan hamda Osiyo davlatlaridan yonilgʻi importini yoʻlga qoʻygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YI 2027-yilgacha Rossiya gazidan toʻliq voz kechish boʻyicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.