Rossiyada migrantlar uchun til va qonunchilik imtihonlari toʻliq elektron formatga oʻtkaziladi

Rossiyada 2026-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy fuqarolar uchun rus tili, Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligi boʻyicha imtihonlar yagona elektron formatda oʻtkaziladi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.
Rossiya Fan va taʼlim vazirligi maʼlumotiga koʻra, endilikda imtihonlar faqat kompyuterlar va masofaviy texnologiyalar orqali tashkil etiladi. Mazkur tartib mehnat patenti, yashash uchun ruxsatnoma yoki boshqa migratsion hujjatlarni rasmiylashtirishni rejalashtirgan barcha xorijiy fuqarolarga tatbiq etiladi.
Islohotdan asosiy maqsad imtihon jarayonida inson omili taʼsirini kamaytirish, baholash shaffofligini oshirish va korrupsiya xavfini minimallashtirishdan iborat. Shu munosabat bilan qogʻoz blankalar va video nazoratsiz suhbat amaliyotlari bekor qilinadi.
Imtihon topshiriqlari bazasi har oy yangilanadi, savol va javoblarni ochiq eʼlon qilish amaliyotidan voz kechiladi. Bugungi kunda test topshirish imkoniyati Rossiyaning barcha hududlari hamda mamlakat tashqarisida joylashgan 203 ta punktda mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlarning 60 mingga yaqin patenti bekor qilingani haqida xabar bergan edi.