Yangiliklar

Sirdaryoda oʻzbek soʻmidan tamaki yoqishda foydalangan xorijliklar ishdan boʻshatildi va jarimaga tortildi

Huquqbuzarlarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41,2 mln soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlandi
Foto: IIV

Sirdaryo viloyatida soʻm kupyurasini yoqib, undan sigareta tutatish uchun foydalangan xorijiy fuqarolar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa 23-dekabr kuni sodir boʻlgan. Uch nafar chet el fuqarosi ishlayotgan korxonasi hududida 2 ming soʻmlik pul kupyurasini yoqib, undan sigaretlarini yoqishda foydalangan. Ushbu holat videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruv oʻtkazilib, xorijliklarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qoʻzgʻatishga oid materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatishni nazarda tutuvchi moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirildi.

Sud jarayonida ayblanuvchilardan biri qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirib, Oʻzbekiston xalqidan uzr soʻragan.

Sud qaroriga koʻra, huquqbuzarlarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41,2 mln soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, ish beruvchi tomonidan mazkur fuqarolar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bir tomonlama bekor qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda katta qarzga botgan yigit bankomatni oʻmarmoqchi boʻlgani haqida xabar bergan edi.