2026-yil yanvar oyi pensiyalari 5-yanvardan to‘lab beriladi

Bank plastik kartalari orqali pensiyalar har oyning beshinchi sanasiga qadar yuklab beriladi, naqd shaklda esa oyning 4-dan 27-gacha sanasi orasida to‘lab beriladi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
Pensiya jamg‘armasi tomonidan mablag‘lar «O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq tasdiqlanadi. Shuningdek, 2026-yil uchun Davlat byudjeti qonuni bilan jamg‘armaning xarajatlari belgilangan. Buni inobatga olib, yanvar oyi pensiyalari plastik kartalarga 5-yanvardan boshlab yuklanishi ma’lum qilindi.
5-yanvardan boshlab Pensiya jamg‘armasi tomonidan pensiya to‘lovlari uchun mablag‘lar pensiya yetkazib beruvchi tashkilotlarga moliyalashtiriladi. Yanvar oyi pensiyalari bank kartalariga yuklab berilganidan so‘ng, naqd shaklda 27-yanvarga qadar Xalq banki sayyor kassalari orqali mahalla fuqarolar yig‘ini yoki yashash manziliga yetkazib beriladi.
Pensiyalar bilan bog‘liq savollar yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar Pensiya jamg‘armasining 1271 «Ishonch telefoni»ga murojaat qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda pensiya naqd to‘lovlari Face-ID orqali amalga oshirilishi haqida xabar bergan edik.