Bishkekda bloger prezidentning SIda yasalgan surati uchun jarimaga tortildi

Bishkek shahar Oktabr tumani sudi bloger Akumani Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan suratini e’lon qilgani uchun jarimaga tortdi. Bu haqda advokat Sherdor Abdikaparov ma’lum qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, jarima miqdori 5,5 ming qirg‘iz somini (bugungi kurs bo‘yicha taxminan 758 ming o‘zbek so‘mi) tashkil etgan. Ish dastlab Bishkek shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, so‘ngra sudga oshirilgan. Sudya tomonidan blogerga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Advokat Sherdor Abdikaparovning ta’kidlashicha, prezident tasvirlangan bu kabi sun’iy intellekt mahsullari qonunchilikda masxara yoki tuhmat shakli sifatida ko‘rilib, jiddiyroq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Yurist internet foydalanuvchilarini bunday materiallarni tarqatishda ehtiyotkor bo‘lishga va qonuniy javobgarlik mavjudligini unutmaslikka chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistonda sobiq prezident Atambayev barcha davlat mukofotlaridan mahrum etilgani haqida xabar bergan edi.