
Dekabr oyida smartfon bozori ancha qizg‘in bo‘ldi. Yangi modellar orasida kuchli protsessorli, katta batareyali, buklanuvchi va ixcham flagmanlar taqdim etildi. Quyida oy davomida eng ko‘p e’tibor qozongan eng yaxshi smartfonlar jamlandi.
Honor Win

Honor Win kuchli o‘yin smartfoni sifatida tanildi. U 10 ming mA/soatli katta batareya, 185 Hz ekran va faol sovitish tizimiga ega. Snapdragon 8 Gen 5 protsessori tufayli yuqori unumdorlik va uzoq ishlash vaqtini taklif qiladi.
HUAWEI nova 15 Ultra

Model yupqa dizayni va kuchli kamerasi bilan ajralib turadi. 6,84 dyuymli LTPO OLED ekran, 6500 mA/soat batareya va 100 vattli tezkor zaryadlash mavjud. Asosiy kamerasi 50 MP bo‘lib, professional darajadagi suratga olish imkonini beradi.
OnePlus 15R

OnePlus 15R kundalik foydalanish va o‘yinlar uchun mo‘ljallangan. 165 Hz ekran, 7400 mA/soat batareya va Snapdragon 8 Gen 5 protsessori bilan jihozlangan. Korpus chang va suvdan himoyalangan.
Samsung Galaxy Z TriFold

Samsung Galaxy Z TriFold Samsung’ning uch marta buklanadigan ilk smartfoni. 10 dyuymli katta buklanuvchi ekran, 200 MP kamera va flagman darajadagi ishlash imkoniyatlariga ega. Narxi yuqori bo‘lsa-da, innovatsiya tarafdorlari uchun mo‘ljallangan.
Nubia Fold va Nubia Flip3

Nubia Fold va Nubia Flip3 buklanuvchi segmentdagi yangi modellar bo‘ldi. Nubia Fold kitobcha uslubida, Flip3 esa ixcham vertikal dizaynda ishlab chiqilgan. Ular ko‘p oynali ishlash va zamonaviy dizaynni taklif qiladi.
Xiaomi 17 Ultra

Xiaomi 17 Ultra kamera sifati bilan ajralib turadi. Bir dyuymli sensor, periskop zum va kuchli batareya bilan professional suratga olishga yo‘naltirilgan. Tezkor simli va simsiz zaryadlash ham mavjud.
Vivo S50 Pro mini

Vivo S50 Pro mini esa ixcham o‘lchamni xohlaydiganlar uchun. Kichik korpusiga qaramay, kuchli kamera, 6500 mA/soat batareya va flagman protsessor bilan jihozlangan.
Umuman olganda, dekabr oyidagi smartfonlar foydalanuvchilarga tanlov erkinligini berdi. Kuchli o‘yin qurilmalari, buklanuvchi innovatsiyalar va ixcham flagmanlar bir oyda jamlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geymerlar uchun 2025-yilning eng uzoq quvvat saqlovchi smartfonlari haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, 2025-yilda ko‘plab flagman smartfonlar batareya sig‘imi bo‘yicha sezilarli yaxshilandi. Bunda o‘yinlar uchun eng uzoq ishlaydigan modellarning aksariyati Xitoy brendlariga to‘g‘ri keldi.