Yangiliklar

Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi

2026-yil 1-yanvardan
Foto: Fanlar akademiyasi

2026-yil 1-yanvardan Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tuziladi. Bu haqda prezident qarori qabul qilndi.

Qarorga muvofiq, Fanlar akademiyasi faoliyatini modernizatsiya qilish doirasida yangi ilmiy ishlanmalar sonini va ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini uch baravar oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushini 60 foizga yetkazish hamda xorijda faoliyat yuritayotgan ilmiy diasporani O‘zbekiston ilm-faniga qayta jalb etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida Fanlar akademiyasining yangi ishlanmalarini tijoratlashtirish tizimini tubdan yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Shu doirada Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. Bu tuzilma ilmiy natijalarni real sektor bilan bog‘lashda muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.

2026-yildan boshlab ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi barcha ilmiy loyihalar sifatini oshirish maqsadida ularni ilmiy ekspertizadan o‘tkazuvchi ilmiy-texnik kengashlar tarkibiga Fanlar akademiyasi taklifiga binoan hamrais nomzodlari kiritiladi. Bu esa baholash jarayonining shaffofligi va ilmiy asoslanganligini kuchaytiradi.

Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalarda xorijiy ekspertlar ishtirokida ilmiy xodimlar faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) va ilmiy muassasalar faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha reyting tizimi joriy etiladi.

Ilmiy tadqiqotlarni barqaror qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa 2026-yil 1-yanvardan Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «El-yurt umidi» jamg‘armasi hisobidan maqsadli stajirovka tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.