
DxOMark mutaxassislari Honor Magic8 Pro smartfonining asosiy kamera imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Sinov natijalariga ko‘ra, qurilma 164 natija bilan jahon reytingida kuchli beshlikka kirdi.
Honor Magic8 Pro uchta kamera moduli bilan jihozlangan. 50 megapikselli asosiy sensor, 50 megapikselli ultra keng burchakli kamera hamda 200 megapikselli, 3,7 barobar optik zumga ega «periskop» moduli. Ekspertlar tasvirga olish jarayonida ekspozitsiyaning aniqligi, keng dinamik diapazon va yorug‘lik yetarli sharoitda detallarning yuqori darajada saqlanishini ijobiy baholadi.

Shuningdek, fonni xiralashtirish effekti va teri tusining tabiiy uzatilishi alohida ta’kidlandi. Biroq sinovlar davomida ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Xususan, videotasvirga olishda ekspozitsiyaning beqarorligi va ranglarning har doim ham aniq chiqmasligi kuzatilgan. Past yorug‘lik sharoitida yoki bino ichida tasvirga olinganda raqamli «shovqin» paydo bo‘lishi, guruh portretlarida esa keskinlik chuqurligining cheklangani qayd etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OnePlus yangi Turbo 6 va Turbo 6V smartfonlarining taqdimot sanasini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.