Gadjetlar

Honor Power 2 qanday xususiyatlar bilan chiqadi

Qurilma yirik sig‘imli akkumulyatori bilan ajralib turadi
Foto: Honor

Honor kompaniyasi yangi Honor Power 2 smartfonining tafsilotlarini oshkor qila boshladi. Qurilma yirik sig‘imli akkumulyatori bilan ajralib turadi va u nafaqat uzoq ishlash, balki tashqi qurilmalarni quvvatlash imkoniyatini ham beradi.

Honor Power 2 10080 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Smartfon boshqa qurilmalarni 27 Vt quvvatda quvvatlay oladi. Shu sababli undan to‘liq funksiyali mobil powerbank sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Qurilmaning o‘zi ham tez quvvatlanadi. Maksimal zaryadlash quvvati 80 Vtni tashkil etadi. Bu katta sig‘imli akkumulyatorga qaramay, smartfonni qisqa vaqt ichida to‘ldirish imkonini beradi.

Ma’lum qilinishicha, Honor Power 2 tekis ekran bilan taqdim etiladi. Displey diagonali 6,79 dyuym. Ruxsat qobiliyati 1,5K. Yangilanish chastotasi 120 Hz.

Smartfon MediaTek Dimensity 8500 Elite protsessori bilan ishlaydi. Old kamera 16 MP. Asosiy kamera esa 50 MP va 5 MP sensorlardan iborat bo‘ladi. Korpus metall ramkaga ega.

Honor Power 2 vazni 216 grammni tashkil etadi. Akkumulyator sig‘imi hisobga olinsa, bu ko‘rsatkich uncha og‘ir emas. Yangi model avtonomlikka katta e’tibor qaratilgan smartfonlar segmentida muhim yangiliklardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 100 dollarlik Honor Play 10A smartfoni savdoga chiqarilgani haqida yozgan edi.