
Qovoqda pishirilgan jarkop — qishgi mavsum uchun ayni muddao bo‘lgan to‘yimli va xushbo‘y taom. Go‘sht va sabzavotlar qovoq ichida dimlanib, uning tabiiy shirinligi va iforini o‘ziga singdiradi. Natijada oddiy masalliqlardan tayyorlangan, ammo ko‘rinishi va ta’mi bilan dasturxonga fayz bag‘ishlaydigan taom hosil bo‘ladi.
Kursiv Uzbekistan qovoqda pishirilgan jarkop retsepti bilan o‘rtoqlashadi.
| Masalliqlar | Miqdori |
|---|---|
| Qovoq | 1–1,5 kg |
| Mol go‘shti | 200 g |
| O‘simlik yog‘i | 50 ml |
| Piyoz | 100 g |
| Sabzi | 70 g |
| Pomidor pastasi | 2 choy qoshiq |
| Kartoshka | 120 g |
| Bulg‘or qalampiri | 60 g |
| Pomidor | 60 g |
| Sarimsoqpiyoz | 2 dona tishcha |
| Sovuq suv | 150–200 ml |
| Kashnich (ko‘kat) | ta’bga ko‘ra |
| Zira va kashnich | ta’bga ko‘ra |
| Tuz va murch | ta’bga ko‘ra |
Tayyorlanishi
1-bosqich. Qovoqni yaxshilab yuvib, ustki qismini ehtiyotkorlik bilan kesib oling. Ichidagi urug‘ va yumshoq qismlarni tozalang. Devorlari juda yupqalashib ketmasligiga e’tibor bering.
2-bosqich. Barcha sabzavotlarni o‘rtacha, bir xil shaklda to‘g‘rab oling.
3-bosqich. Chuqur tovada o‘simlik yog‘ini qizdirib, mayda to‘g‘ralgan mol go‘shtini 3–4 daqiqa davomida o‘rtacha olovda qovuring.
4-bosqich. Go‘sht ustiga piyoz va sabzini qo‘shib, yana 3 daqiqa qovuring.
5-bosqich. Pomidor pastasini solib, aralashtiring va 1 daqiqa davomida qovurishni davom ettiring.
6-bosqich. Kartoshkani qo‘shib, 2–3 daqiqa qovuring. So‘ng bulg‘or qalampiri, pomidor va maydalangan sarimsoqpiyozni soling. Ziravorlar, tuz va murch sepib, aralashtiring.
7-bosqich. Sovuq suv quyib, maydalangan ko‘katlarni qo‘shing va o‘rtacha olovda 15 daqiqa dimlang.
8-bosqich. Tayyor sabzavotli asosni qovoq ichiga joylab, ustini kesib olingan qovoq boshi bilan yoping. Qovoqni folga bilan yaxshilab o‘rab chiqing.
9-bosqich. 180 °C ga qizdirilgan pechda 1 soat 30 daqiqa davomida pishiring.
Yoqimli ishtaha!