
O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) va Hamkorbank aksiyalari «Toshkent» fond birjasida, ayniqsa 2025-yilning ikkinchi yarmida o‘sishni namoyish etmoqda. 2025-yil 19-dekabr holatiga ko‘ra, ushbu emitentlarning oddiy aksiyalari narxi mos ravishda 7,1 ming va 40,9 so‘m darajasida qayd etildi. Taqqoslash uchun: 2025-yil 3-yanvarda qog‘ozlar mos ravishda 3,6 ming va 24,59 so‘m turardi. Kursiv Uzbekistan ekspertlardan kotirovkalar keskin o‘sishining sabablarini so‘radi.
Fundamental sabablar va g‘oyalar taqchilligi
Kapital Depozit investitsiya kompaniyasi direktori Farrux Xodjayevning ta’kidlashicha, kotirovkalarning ko‘tarilishi tasodif emas, chunki mahalliy bozorda sifatli vositalar taqchilligi kuzatilmoqda.
«Har ikki emitent bo‘yicha o‘sish mutlaqo tasodifiy emas. Bugun O‘zbekiston fond bozorida investorlarga aniq va tushunarli mezonlarga javob beradigan kompaniyalar ko‘p emas. O‘zRTXB va Hamkorbank esa moliyaviy ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi, dividend siyosati va yetarli likvidligi bilan ko‘plab aksiyalardan ajralib turadi», — deb hisoblaydi ekspert.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hamkorbank bu yil birinchi marta dividend to‘lashni boshladi, O‘zRTXB esa bu siyosatga uzoq vaqtdan beri va muntazam amal qilib kelmoqda. Joriy multiplikatorlarda (URTS: P/E — 6.71, P/B — 4.38; HMKB: P/E — 3.17, P/B — 0.84) har ikkala qog‘oz ham jozibador ko‘rinadi.
«Bugungi kunda investorlar oldida tanlov unchalik keng emas: yoki O‘zRTXB va Hamkorbank aksiyalarini tanlash, yoki yuqori daromadli obligatsiyalarga o‘tish. Sifati va ko‘lami jihatidan ularga teng keladigan boshqa aksiyalar hozircha yo‘q. Bozor esa aynan shu ikki qog‘ozga ustuvorlik bermoqda», — deya izohlaydi Farrux Xodjayev.
Likvidlik va foyda tez sur’atda oshmoqda
SQB’da Investitsion loyihalarni boshqarish ofisi boshlig‘i Nurbek Xusanov fond bozoridagi holatni savdo hajmlari bilan izohlaydi. Uning aytishicha, 2025-yilda aksiyalar bozoriga katta miqdorda pul kirib keldi, natijada aksiyalar bilan savdo ancha jonlandi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bozordagi bu faollik kompaniyalarning real moliyaviy natijalari bilan bog‘liq. Masalan, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining sof foydasi 9 oyda 12 foizga oshib, 254,1 mlrd so‘mni tashkil etdi. Hamkorbankda esa foyda 22 foizga ko‘payib, 1,27 trln so‘mga yetdi.
Nurbek Xusanov fikricha, hozirgi aksiyalar narxi haddan tashqari oshib ketgani yo‘q — ularni umuman olganda adolatli deb baholash mumkin.
«Bunga sabab — aksiyalar narxining o‘sishi kompaniyalarning real moliyaviy natijalari va bozor faolligi bilan mutanosib ravishda kechayotganidir», — deb hisoblaydi ekspert.
SQB vakilining fikriga ko‘ra, aksiyalar bo‘yicha joriy narxlar foyda dinamikasi va likvidlik o‘sishidan oldinda ketmayapti, aksincha, ularni aks ettirmoqda. Bu holat narxlarning spekulyativ emas, balki fundamental asoslangan ekanini va hozirgi darajalarni adolatli deb baholash mumkinligini ko‘rsatadi.

Xalqaro listing kutilmalari va 2026-yilgi prognozlar
Kompaniyalarning strategik rejalari ham muhim drayver hisoblanadi. Farrux Xodjayevning ta’kidlashicha, O‘zRTXB UzNIF portfeliga kiradi (mazkur fond hozirda ichki va xalqaro IPO’ga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda), Hamkorbank esa xalqaro listing tomon harakatlanmoqda. Bozorda xalqaro baholash mahalliy baholashdan yuqori bo‘lishi haqida kutilmalar mavjud.
«Men adolatli narxga ikki filtr orqali qarayman — bu biznesning daromadliligi va kompaniyaning doimiy qo‘shimcha kapitallashuvsiz o‘sish qobiliyati», — dedi Farrux Xodjayev.
Istiqbollar haqida gapirganda, Kapital Depozit direktori O‘zRTXBni «blue chip» deb ataydi va qog‘oz o‘zining fair value (adolatli qiymati) — bir aksiya uchun 7000–8000 so‘mga yaqinlashib qolganini ta’kidlaydi. Hamkorbank uchun u yuqoriroq potensialni ko‘rmoqda — agar bank o‘sish sur’atlarini saqlab qolsa, 60–70 so‘m oralig‘ida.
«Bank sezilarli darajada past baholanganligicha qolmoqda. P/E taxminan 3 va P/B 1 dan past bo‘lgan holatda, bozor uni foyda va ROEning real dinamikasiga qaraganda ancha kamtarona baholamoqda», — deb hisoblaydi investitsiya kompaniyasi rahbari.
Nurbek Xusanov ham optimistik prognoz berib, agar foyda o‘sishi hozirgi darajada saqlanib qolsa, bu P/E va P/B ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularning barqarorligini ta’minlashini ta’kidlaydi.
«Hamkorbank uchun 2026-yilgi prognoz 48–52 so‘mni tashkil etadi. O‘zRTXB uchun 2026-yilda 6 800–7 200 so‘m darajasi kutilmoqda», — deya prognoz qiladi SQB eksperti. Shu bilan birga, Farrux Xodjayev 2026-yilning I–II choraklarida moliyaviy ko‘rsatkichlarning o‘sishi va dividend mavsumi asosiy triggerlar bo‘lishini qo‘shimcha qiladi.
«Aksiyalarning keskin o‘sishi uchun asosiy katalizator bankning xalqaro maydonlarga chiqish masalasi bo‘lib qolmoqda. Bu yo‘nalishdagi har qanday aniq qadamlar yangi kuchli turtki berishi mumkin», — deb hisoblaydi Kapital Depozit vakili.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MB O‘zbekistonlik investorlar uchun AQSH bozorini ochgani haqida yozgan edi.