
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini distribyutor deb tanitgan Xayrullo Shokirov yirik miqdordagi firibgarlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
U IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi) bilan jinoyat ishi bo‘yicha tergov qilinmoqda.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, 1986-yilda tug‘ilgan Shokirov Xayrullo Ubaydullayevich aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan Instagram, Telegram hamda YouTube ijtimoiy tarmoqlaridagi «Xayrullo Shokirov» nomli profil orqali o‘zini yirik distribyutor va tadbirkor sifatida tanishtirib, go‘yoki chet eldan katta miqdorda anor sharbati va salqin ichimliklar olib kirib, ularni O‘zbekistondagi savdo nuqtalariga yetkazib berish vakolatiga ega ekani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatgan. Fuqarolarga distribyutorlik orqali topgan daromadidan katta foizlarni va’da qilib, aldash yo‘li bilan ularning ishonchiga kirib, juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha u gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
«Hurmatli fuqarolar! Agar siz mazkur shaxsning jinoiy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu holatlar bo‘yicha biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining 71-206-40-99, 71-206-42-52 raqamlariga yoki 102 qisqa raqami orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz. Sizning murojaatingiz jinoyatni to‘liq fosh etish va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi», – deyiladi xabarda.
Avvalroq «Kursiv» Moskvada o‘zbekistonlik Sheryexon Usmonova va uning turmush o‘rtog‘iga qarshi yirik firibgarlik ishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.